баннер
17 Mar 2025
11:17

    Oʻzbekiston Orxus konvensiyasiga qoʻshilmoqda

    Bu tegishli davlat organlari, fuqarolar va jamoatchilik oʻrtasida ekologik axborotlarni olish va ulardan foydalanishni taʼminlashga qaratilgan.

    Bugun, 22-fevral kuni davom etayotgan Senatning toʻrtinchi yalpi majlisida «Atrof-muhit bilan bogʻliq boʻlgan masalalar boʻyicha qarorlar qabul qilish jarayonida jamoatchilikning axborot olish imkoniyati, ishtiroki va odil sudlovga erishish imkoniyati toʻgʻrisidagi Konvensiyaga (Orxus, 1998-yil 25-iyun) Oʻzbekiston Respublikasining qoʻshilishi haqida«gi Qonun koʻrib chiqildi.

    Mazkur Konvensiya insonning sogʻlom atrof-muhitga boʻlgan huquqlarini himoya qilishga qaratilgan muhim xalqaro hujjat hisoblanib, u tegishli davlat organlari, fuqarolar va jamoatchilik oʻrtasida ekologik axborotlarni olish va ulardan foydalanishni taʼminlashga qaratilgan.

    Qayd etilganidek, xalqaro maqomdagi hujjatning asosiy maqsadi – ekologiya, atrof-muhit va fuqarolarning sogʻligʻiga salbiy taʼsir koʻrsatishi mumkin boʻlgan qarorlarni qabul qilishda jamoatchilikning ishtiroki bilan bogʻliq oʻzaro munosabatlarni tartibga solish hamda odil sudlovga erishishni taʼminlashdan iborat.

    Konvensiyada davlat idoralari va tashkilotlari tomonidan keng jamoatchilik soʻroviga binoan havo, atmosfera, suv va tuproq kabi atrof-muhit elementlarining tarkibiy qismlariga doir zarur maʼlumotlarni taqdim etish, sohani rivojlantirishga qaratilgan dastur va rejalarni ishlab chiqishda jamoatchilikning ishtirokini taʼminlash belgilangan.

    Senatorlarning fikriga koʻra, Oʻzbekistonning mazkur Konvensiyaga qoʻshilishi ekologiya va atrof-muhit sohasida inson huquq va erkinliklarini munosib taʼminlashga, xorijiy hamkor davlatlar bilan hamjihatlikda ekologik xavfsizlikka erishish boʻyicha birgalikdagi saʼy-harakatlarni amalga oshirishga, shuningdek, mamlakatning xalqaro maydondagi ijobiy imiji va nufuzini yanada oshirishga xizmat qiladi.

    Muhokama yakunida senatorlar tomonidan Qonun maʼqullandi.

    Telegram kanalimiz
    Text to speech