Oʻzbekiston-Ozarbayjon ishbilarmonlari oʻzaro hamkorlikni faollashtiradi

    Biznes 24 Fevral 2023 1041

    Joriy yil 24-fevralda “International Hotel Tashkent” mehmonxonasida Oʻzbekiston-Ozarbayjon ishbilarmonlar kengashining uchinchi yigʻilishi boʻlib oʻtdi.

    Tadbirda Savdo-anoat palatasi raisining birinchi oʻrinbosari va Oʻzbekiston tomoni ishbilarmonlar kengashi hamraisi Toʻra Bobolov, Ozarbayjon Respublikasi Tadbirkorlar (ish beruvchilar) tashkilotlari milliy konfederatsiyasi prezidenti va ishbilarmonlar kengashi Ozarbayjon tomoni hamraisi Vugar Zeynalov, turli vazirlik va idoralar, shuningdek, ishbilarmon doiralar vakillari ishtirok etdi.

    Shular qatorida, Oʻzbekiston tomonidan Turizm va madaniy meros vazirligi, Investitsiyalar sanoat va savdo vazirligi huzuridagi Xorijiy investitsiyalarni jalb etish agentligi, shuningdek, Oʻzbekiston banklar assotsiatsiyasi Xalqaro bank va moliya institutlari bilan hamkorlikni rivojlantirish departamenti vakillari ishtirok etdi.

    Ozarbayjon tomonidan Sogʻlomlashtirish va termal turizmni rivojlantirishni qoʻllab-quvvatlash jamoat birlashmasi, Eksport va investitsiyalarni qoʻllab-quvvatlash agentligi hamda Ozarbayjon Xalqaro banki vakillari ishtirok etdi.

    Tadbirning asosiy maqsadi Oʻzbekiston-Ozarbayjon oʻrtasidagi investitsiyaviy va savdo-iqtisodiy hamkorlikni yanada rivojlantirish, ikki mamlakat ishbilarmon doiralari oʻrtasidagi ikki tomonlama aloqalarni mustahkamlash masalalari boʻldi.

    Toʻra Bobolov oʻz nutqi davomida soʻnggi yillarda ikki mamlakat oʻrtasidagi hamkorlik va savdo-iqtisodiy aloqalar faol rivojlanib, oʻzaro savdo hamda qoʻshma biznes loyihalar soni jadal surʼatlar bilan oʻsib borayotganini taʼkidlab oʻtdi.

    Aytib oʻtish joizki, Oʻzbekiston va Ozarbayjon uchun ustuvor yoʻnalishlarda iqtisodiy sheriklikni izchil kengaytirishga, shuningdek, ikki mamlakat ishbilarmon doiralari oʻrtasidagi oʻzaro hamkorlikni faollashtirishga alohida eʼtibor qaratilyapti.

    2022 yil iyul holatiga koʻra, Oʻzbekiston hududida Ozarbayjon kapitali ishtirokida 243 ta korxona faoliyat koʻrsatyapti. Ularning 86 tasi qoʻshma va 157 tasi yuz foiz xorijiy kapital ishtirokidagi korxonalardir. Ularning aksariyat qismi mashinasozlik va metallni qayta ishlash, energetika, yengil sanoat, oziq-ovqat tarmogʻi, zargarlik buyumlari ishlab chiqarish va taʼmirlash, moliya va sugʻurta, koʻchmas mulk operatsiyalari, xizmat koʻrsatish, savdo yoʻnalishlarida faoliyat yuritadi.

    Uchrashuv davomida ishtirokchilar Oʻzbekistonning investitsiya salohiyatiga oid taqdimot materiallari hamda mamlakatimizda biznes yuritish uchun barcha shart-sharoitlar bilan tanishib, turli sohalardagi sarmoyaviy hamkorlik va infratuzilma loyihalarini atroflicha muhokama qildilar, deb xabar beradi Savdo-sanoat palatasi matbuot xizmati.