Oʻzbekiston-Ozarbayjon Qoʻshma hukumatlararo komissiyasining 11-yigʻilishi boʻlib oʻtdi

    Xalqaro hamkorlik 2 Avgust 2022 1488

    Toshkent shahrida Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari – investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Jamshid Xodjayev hamda Ozarbayjon Respublikasi iqtisodiyot vaziri Mikayil Jabbarov raisligida Oʻzbekiston va Ozarbayjon oʻrtasidagi hamkorlik boʻyicha Hukumatlararo qoʻshma komissiyaning (HK) 11-yigʻilishi boʻlib oʻtdi. Tadbirda asosiy vazirliklar, idoralar, tarmoq birlashmalari, tijorat banklari va taʼlim muassasalari, shuningdek ikki mamlakat diplomatik vakolatxonalari rahbarlari ishtirok etdi.

    Yigʻilishda investitsiyaviy, sanoat, savdo-iqtisodiy, transport va logistika sohalarida hamkorlikni yanada rivojlantirish masalalari koʻrib chiqildi va kelishib olindi.

    Qutlov soʻzlarida ikki mamlakat delegatsiyalari rahbarlari Oʻzbekiston va Ozarbayjon rahbarlarining samimiy va ishonchli munosabatlari tufayli mustahkamlanib borayotgan ikki tomonlama hamkorlikning jadal, barqaror yuksalib borayotgan xususiyatini qayd etdi. Mushtarak maqsadlar kesishadigan yoʻnalishlarida oʻzaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirishga oʻzaro intilish taʼkidlandi.

    Xususan, investitsiyaviy hamkorlik va sanoat kooperatsiyasi muhokamasi doirasida Bard shahri yaqinidagi 6 ta tumanda klasterlar tashkil etib, ipak ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻyish, Yevlax pilot agroparki va Agdam sanoat parkida yangi loyihalarni ishlab chiqish, Toshkent shahrida zargarlik buyumlari ishlab chiqarish boʻyicha qoʻshma korxona tashkil etish, kimyo sanoati, energetika, neft va gaz sohalarida hamkorlikni rivojlantirish kabi qoʻshma loyihalarni amalga oshirish boʻyicha qator masalalar boʻyicha kelishib olindi.

    Faqatgina 2021-yilda Oʻzbekiston va Ozarbayjon oʻrtasidagi tovar ayirboshlash hajmi 40 foizdan oshgani, joriy yil boshidan esa oʻtgan yilning shu davriga nisbatan yana 62 foizga oʻsgani aytildi. Oʻzaro savdoni jadallashtirish maqsadida Oʻzbekiston-Ozarbayjon Ishbilarmonlar kengashi yillik yigʻilishini va oʻzaro savdo missiyalarini oʻtkazish amaliyoti joriy etiladi.

    Joriy yil iyun oyida oliy darajadagi muzokaralar doirasida belgilangan alohida ustuvor yoʻnalishlar qatorida hududlarning oʻzaro hamkorligi ham belgilandi. Ushbu yoʻnalishdagi amaliy tadbirlarni muhokama etish jarayonida tomonlar joriy yil noyabr oyida Toshkent shahrida Hududlarning birinchi forumini, shuningdek, Oʻzbekiston va Ozarbayjonning turli viloyatlaridagi ishlab chiqaruvchilar koʻrgazmasini tashkil etishga kelishdilar.

    Transport-logistika salohiyatini roʻyobga chiqarish doirasida Trans-Kaspiy yoʻnalishi boʻyicha ikki tomonlama va tranzit tashish hajmini oshirish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish boʻyicha ishlarni davom ettirish, shuningdek, joriy yil iyun oyida eng yuqori darajada imzolangan xalqaro avtomobil transporti shartnomasi doirasida ishlarni jadallashtirish zarurligi taʼkidlandi.

    Uchrashuv davomida madaniy-gumanitar munosabatlar doirasidagi hamkorlik, ikki tomonlama turistlar oqimlarni oshirish va taʼlim sohasida tajriba almashish, shu jumladan ikki mamlakat universitetlari oʻrtasida toʻgʻridan-toʻgʻri aloqalarni rivojlantirish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi.

    Uchrashuv yakunida ikki tomonlama hujjatlar toʻplamini imzolash marosimi boʻlib oʻtdi. Xususan, Savdo-iqtisodiy hamkorlik va sanoat kooperatsiyasini chuqurlashtirish va kengaytirish boʻyicha qoʻshma “Yoʻl xaritasi”, Tadbirkorlar huquqlarini himoya qilish organlari oʻrtasida Oʻzaro anglashuv memorandumi, Ozarbayjon Respublikasi iqtisodiy zonalarni rivojlantirish agentligi hamda “Oʻzbekipaksanoat” va “Oʻztekstilsanoat” Uyushmalari oʻrtasida Hamkorlik toʻgʻrisida memorandumlari yuridik kuchga ega boʻldi. Tadbir davomida erishilgan barcha kelishuvlar delegatsiyalar rahbarlari tomonidan imzolangan yigʻilish yakuniy bayonnomasida oʻz aksini topdi, deb xabar beradi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi matbuot xizmati.