Oʻzbekiston, Ozarbayjon va Turkiya oʻzaro savdo hajmini 2 barobarga oshirish niyatida

    Xalqaro hamkorlik 3 Avgust 2022 1677

    Oʻzbekiston, Ozarbayjon va Turkiya tashqi ishlar, savdo, iqtisodiyot va transport vazirlarining birinchi uch tomonlama uchrashuvi boʻlib oʻtdi. Uch davlat Prezidentlarining kelishuvlariga muvofiq tashkil etilgan ushbu mutlaqo yangi muloqot mexanizmi koʻplab ustuvor masalalar boʻyicha manfaatlar kesishadigan nuqtalarni topishga imkon berdi.

    Uchrashuv davomida tashqi siyosat masalalari va mintaqaviy hamkorlik imkoniyatlari, iqtisodiyot, savdo, investitsiyalar va transport sohalarida uchala mamlakat birlashgan qudrat va salohiyatini toʻliq roʻyobga chiqarishga qaratilgan saʼy-harakatlar yuzasidan fikr almashildi.

    Soʻnggi besh yil ichida Oʻzbekistonning Ozarbayjon va Turkiya bilan savdo aylanmasi ikki baravarga oshgani, 2021-yil oxiriga kelib bu koʻrsatkich 3,5 milliard dollarga yetgani aytildi. Oʻzbekiston Respublikasi investitsiyalar va tashqi savdo vazirining birinchi oʻrinbosari Aziz Kudratov mamlakatlar oʻrtasidagi tovar ayirboshlash hajmini ikki baravar oshirish uchun barcha zarur shart-sharoitlar mavjudligini taʼkidladi. Bu munosabatlarni mustahkamlashning ustuvor yoʻnalishlaridan biridir. Oʻzbekiston Ozarbayjon va Turkiyaga texnika, oʻzbek toʻqimachiligi mahsulotlari, poyabzal va oziq-ovqat yetkazib berish hajmini oshirish imkoniyatiga ega.

    Bozorlarga oʻzaro kirishni osonlashtirish uchun yangi elektron tijorat platformasini yaratish taklif etildi. Bu tadbirkorlar, eksportchilar, importchilar oʻrtasida muloqotni osonlashtirib, tovarlarni yanada arzon narxlarda sotish imkonini beradi.

    Shuningdek, ishlab chiqarish kooperatsiyasini rivojlantirish, energetika sohasida hamkorlik qilish va uch mamlakatning yuqori tranzit salohiyatidan foydalanish boʻyicha qoʻshma loyihalarni amalga oshirish imkoniyatlari koʻrib chiqildi. Shuningdek, hududlararo hamkorlikni chuqurlashtirish ustuvor vazifa sifatida belgilandi va shu munosabat bilan har yili Oʻzbekiston – Ozarbayjon – Turkiya hududlararo forumini tashkil etish va uning Toshkentda birinchi yigʻilishini oʻtkazish taklif etildi.

    Uchrashuv yakunida Forum maydonlaridagi barcha kelishuvlarni oʻz ichiga olgan Toshkent deklaratsiyasi imzolandi. Erishilgan barcha kelishuvlar koʻplab mintaqaviy va xalqaro masalalar boʻyicha oʻzaro hamkorlikni mustahkamlashga qaratilgan, deb xabar beradi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi matbuot xizmati.