Oʻzbekiston Parij Olimpiadasi uchun dastlabki yoʻllanmani qoʻlga kiritdi

    Sport 25 Avgust 2023 1003

    Ispaniyaning Valensiya shahrida oʻtayotgan badiiy gimnastika boʻyicha Jahon chempionatida oʻzbekistonlik Taxmina Ikromova Oʻzbekiston delegatsiyasi uchun Parij-2024 yozgi Olimpiya oʻyinlarining ilk yoʻllanmasini taqdim qildi.

    Bu haqda Milliy Olimpiya qoʻmitasi (MOQ) matbuot xizmati xabar berdi.

    Ikromova koʻpkurash dasturida 4 mashq yakunidan soʻng 124.200 ball bilan 9-oʻrinni egalladi. Ikromova bu bilan Parij-2024 Olimpiadasiga yoʻllanma beruvchi 14 talikdan joy oldi. Shuningdek, sportchi bulava va tasmadagi mashqda final bosqichiga yoʻl oldi.

    “Oʻzbekiston Milliy Olimpiya qoʻmitasi barcha yurtdoshlarimizni, qolaversa, mamlakat gimnastika federatsiyasi, sportchimiz va uni tayyorlagan murabbiylarni ushbu natija bilan samimiy qutlaydi”, deyiladi MOQ xabarida.