Delegatsiyaning tashrifi Kongress kutubxonasi qoshidagi parlament diplomatiyasini rivojlantirishga ixtisoslashgan “Ochiq dunyo” yetakchilik markazi bilan hamkorlikda tashkil etildi.
Oʻzbekiston Oliy Majlisi vakillari AQShda boʻlish doirasida Ayova shtati poytaxti De-Moyn shahrida boʻlib, u yerda mintaqa gubernatorligi, Oliy sud, Soliq boshqaruvida, Ayova shtatining Axborot erkinligi kengashida, Iqtisodiy rivojlanish boshqarmasida, De-Moyn politsiyasi bosh boshqarmasida uchrashuvlar oʻtkazdi.
Shuningdek, AQSh Kongressida amerikalik qonun chiqaruvchilar bilan muzokaralar olib bordi. Bundan tashqari, mamlakatimizning Vashingtondagi elchixonasida Oʻzbekiston-Amerika munosabatlarini kengaytirish yuzasidan fikr almashildi.
Xususan, Ayova shtati poytaxti hokimi bilan muzokaralar chogʻida Oʻzbekiston parlament delegatsiyasi shaharsozlik, “aqlli” shaharlar va zamonaviy suv va energiya taʼminoti tizimlarini yaratish boʻyicha AQSh tajribasi, shuningdek, aholining ijtimoiy-iqtisodiy turmush sharoitini yaxshilash sohasida hokimlik va mahalliy qonun chiqaruvchi organ oʻrtasidagi oʻzaro hamkorlik amaliyoti bilan tanishdi.
Oʻz navbatida, shtat Oliy sudi aʼzolari bilan uchrashuv doirasida Oliy Majlis vakillari AQSh sud-huquq institutlari faoliyati, sudlar mustaqilligini taʼminlash va sudyalarning malakasini oshirish tizimi bilan yaqindan tanishdi.
Oʻzbekiston qonun chiqaruvchilari mahalliy hokimiyat organlari faoliyatining shaffofligi va hisobdorligini taʼminlash hamda korrupsiyaga qarshi kurashish masalalari bilan shugʻullanuvchi AQSH davlat auditori bilan ham konstruktiv muloqot oʻtkazdi. Oʻzbekiston tomoni mahalliy davlat hokimiyati organlarining moliyaviy operatsiyalarini tekshirish tizimi va korrupsiyaga qarshi kurashish hamda uni erta oldini olish mexanizmlari bilan tanishtirildi.
Ayova shtati Davlat kotibi Pol Peyt bilan alohida muzokaralar oʻtkazildi, unda tomonlar ushbu shtat bilan yaqin aloqalar oʻrnatish istiqbollarini muhokama qildi. Iqtisodiy, madaniy-gumanitar aloqalarni mustahkamlash masalalariga alohida eʼtibor qaratildi.
Oʻzbekiston delegatsiyasi Vashingtonda ham boʻlib, u yerda AQSh Kongressidagi “Oʻzbekiston boʻyicha kokus”ning hamraisi, respublikachi kongressmen Trent Kelli (Missisipi) bilan uchrashdi. Uchrashuvda Oʻzbekiston-AQSh hamkorligining bugungi holati va istiqbollari, shu jumladan, parlamentlararo hamkorlikni kengaytirish masalalari muhokama etildi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Axborot xizmati.