Oʻzbekiston parlament delegatsiyasi Qoʻshilmaslik harakati parlament tarmogʻi konferensiyasida ishtirok etdi

    Xalqaro hamkorlik 1 Iyul 2022 1739

    Oʻzbekiston parlament delegatsiyasi joriy yil 30-iyunda Boku shahrida Haydar Aliyev markazida oʻz ishini boshlagan Qoʻshilmaslik harakati parlament tarmogʻi konferensiyasida ishtirok eti. Unda dunyoning 40 dan ortiq davlatidan parlament delegatsiyalari, shuningdek, 9 ta xalqaro parlament tashkiloti vakillari ishtirok etdi.

    Anjuman doirasida ishtirokchilar jahonda tinchlik va barqaror rivojlanishni taʼminlashda milliy parlamentlarning rolini kuchaytirish masalalarini muhokama qildi.

    Konferensiyani Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev tabrik nutqi bilan ochdi.

    Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi oʻz nutqida bugungi kunda yuzaga kelayotgan tahdidlar parlament aʼzolaridan mavjud vaziyatni jiddiy va hatto chuqurroq anglashni, tegishli yondashuv va yechimlarni ishlab chiqishni, bu boradagi koʻp tomonlama oʻzaro hamkorlikning mumkin boʻlgan barcha mexanizmlaridan foydalanishni taqozo etayotganini qayd etdi.

    Shuningdek Senat Raisi Oʻzbekiston Oliy Majlisi jahon hamjamiyatining terrorizmga qarshi kurashishning samarali xalqaro mexanizmlarini yaratish borasidagi saʼy-harakatlarini qoʻllab-quvvatlagan holda, BMTning Global aksilterror strategiyasini toʻliq amalga oshirish tarafdori ekanligini taʼkidladi.

    Konferensiya joriy yil 1-iyulda ham davom etadi.

    Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Axborot xizmati.