Oʻzbekiston parlamenti delegatsiyasi Parlamentlararo ittifoqning 148-Assambleyasida ishtirok etyapti

    Xalqaro hamkorlik 26 Mart 2024 424

    2024-yil 23-27-mart kunlari Shveysariyaning Jeneva shahrida Parlamentlararo ittifoqning (PI) 148-Assambleyasi boʻlib oʻtyapti. Bir yilda ikki marta oʻtkaziladigan Assambleyada dunyoning turli mamlakatlaridan yuzlab parlament vakillari ishtirok etyapti.

    Maʼlumot oʻrnida aytish joizki, Parlamentlararo ittifoq milliy parlamentlarning global tashkiloti boʻlib, u 130-yildan koʻproq vaqt oldin barcha mamlakatlar oʻrtasida hamkorlik va muloqotni ragʻbatlantiradigan dunyodagi birinchi koʻp tomonlama siyosiy tashkilot sifatida tashkil etilgan. Bugungi kunda 180 ta milliy parlament va 15 ta mintaqaviy parlament organi Parlamentlararo ittifoqqa aʼzo. Tuzilma demokratiyani targʻib etadi va parlamentlarni kuchliroq, yoshroq, yashilroq, gender jihatdan muvozanatli va innovatsion institutlarga aylantirishga yordam beradi.

    Assambleya “Parlament diplomatiyasi: tinchlik va oʻzaro hamjihatlik uchun koʻprik yaratish” mavzusidagi umumiy munozaralar doirasida uyushtirildi. Asosiy eʼtibor umumiy mavzuda delegatlarga muhokama uchun platforma yaratish va parlament faoliyatini kuchaytirish yuzasidan fikr almashishga qaratildi.

    Assambleyada Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Narbayeva nutq soʻzlab, muhim taklif va tashabbuslarni ilgari surdi.

    Senat Raisi oʻz nutqida tez oʻzgarib borayotgan va oldindan aytish qiyin boʻlgan xalqaro vaziyat hamda davlatlararo munosabatlarda bir-birini tushunish tobora taqchil boʻlayotgan bir davrda parlamentlar roli har qachongidan muhim ahamiyatga ega boʻlayotganini taʼkidlab oʻtdi.

    Parlamentlararo ittifoqning parlament diplomatiyasini mustahkamlashga qaratilgan konseptual tamoyillarini toʻliq qoʻllab-quvvatlagan holda alohida eʼtibor qaratish lozim boʻlgan ustuvor yoʻnalishlarga toʻxtaldi.

    Jumladan, parlament diplomatiyasi davlatlar oʻrtasida ishonchni mustahkamlashning asosiy mexanizmi sifatida nizolarning oldini olishda muhim oʻrin tutishi, parlamentlar aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlari huquqlarini faol himoya qilishi kerakligi alohida qayd etildi.

    Shuningdek, ishtirokchilar eʼtibori parlament aʼzolari oʻrtasida ishonchli munosabatlarni oʻrnatishga, umumiy muammo va vazifalarni hal etishga koʻmaklashadigan mintaqaviy hamkorlik muhimligiga qaratildi.

    Assambleya avtonom qurol tizimlari hamda sunʼiy intellektning ijtimoiy va gumanitar taʼsirini bartaraf etish hamda iqlim oʻzgarishiga qarshi kurashish boʻyicha hamkorlik: arzon yashil energiyadan foydalanishni ragʻbatlantirish va innovatsiyalar, masʼuliyat va adolatni taʼminlash boʻyicha rezolyutsiyalar qabul qilishi kutilyapti.

    Shuningdek, Assambleyaning umumiy mavzusi boʻyicha yakuniy hujjat ham qabul qilinishi nazarda tutilgan, deb xabar beradi Oliy Majlis Senati matbuot xizmati.