Oʻzbekiston parlamenti delegatsiyasi Qirgʻiz Respublikasi Jogorku Keneshi 85 yilligiga bagʻishlangan xalqaro konferensiyada ishtirok etdi

    Xalqaro hamkorlik 17 Noyabr 2023 866

    Joriy yil 16-noyabrda Oliy Majlis Senati Raisi T.Narbayeva boshchiligidagi Oʻzbekiston parlamenti delegatsiyasi Bishkek shahrida Qirgʻiz Respublikasi Jogorku Keneshi tashkil etilganining 85 yilligiga bagʻishlangan xalqaro konferensiyada ishtirok etdi.

    Unda Qirgʻiz parlamenti tarixi butun qirgʻiz xalqining tarixi bilan chambarchas bogʻliq ekani, kollegial organ sifatida barcha muhim masalalarga xalq bilan maslahatlashgan xolda yondashib kelayotgani alohida qayd etildi. Bugungi kunda Jogorku Kenesh aholining turli qatlamlarining fikrlarini bildirish uchun milliy platformaga aylangani taʼkidlandi.

    Konferensiyada MDHga aʼzo davlatlar parlamentlari vakillari ham soʻzga chiqib, qirgʻiz xalqini va Qirgʻiz Respublikasi Jogorku Keneshi deputatlarini Jogorku Kenesh tashkil etilganining 85 yilligi bilan qutladi.

    Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi Tanzila Narbayeva oʻz soʻzida ikki mamlakat rahbarlarining ochiq, oʻzaro ishonchga asoslangan muloqoti oʻzbek-qirgʻiz munosabatlarini yangi bosqichga olib chiqqanini, bu oʻz navbatida parlamentlararo aloqalarning yanada samarali boʻlishiga xizmat qilayotganini aytib oʻtdi.

    Shuningdek, T.Narbayeva Qirgʻiz Respublikasi erishayotgan yutuqlarda mamlakat parlamenti faol rol oʻynayotganini, demokratik tamoyillar asosida muhim qonunlarni samarali ishlab chiqib, qabul qilayotganini, ochiq jamiyat qurish va xalq manfaatlariga xizmat qiladigan davlat dasturlarini amalga oshirishda ishtirok etayotganini, shuningdek, mintaqa va xorijiy davlatlar bilan faol parlament diplomatiyasini olib borayotganini alohida qayd etdi, deb xabar beradi Oliy Majlis Senati matbuot xizmati.