Bu haqida O'zbekiston Savdo-sanoat palatasi axborot xizmati xabar bermoqda.
Pokiston Islom Respublikasi Savdo-sanoat palatalari federatsiyasi Prezidenti Mian Nasser Xayt Maggo hamda ikki mamlakat vazirlik-idoralari, ishbilarmon doiralari vakillari ishtirok etgan tadbirni O'zbekiston Savdo-sanoat palatasi raisi Adham Ikromov olib bordi.
Tomonlar O'zbekiston-Pokiston o'rtasida investitsiya va savdo-iqtisodiy hamkorlikni yanada rivojlantirish, ikki mamlakat ishbilarmon doiralari o'rtasidagi ikki tomonlama aloqalarni mustahkamlash masalalariga to'xtaldi. Uchrashuv davomida mehmonlar O'zbekistonning investitsiya salohiyatiga oid taqdimot materiallari va mamlakatimizda biznes yuritish uchun yaratilgan shart-sharoitlar bilan tanishdi.
O'zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o'rinbosari, Investitsiyalar va tashqi savdo vaziri S. Umurzakov o'z nutqida so'nggi yillarda ikki mamlakat o'rtasidagi savdo-iqtisodiy aloqalar va hamkorlik faol rivojlanib borayotganini, pandemiyaga qaramay, o'zaro savdo hamda O'zbekiston va Pokiston o'rtasidagi qo'shma biznes loyihalar soni tez sur'atlar bilan o'sib borayotganini ta'kidlab o'tdi. Doimiy hamkorlik ikki mamlakat o'rtasidagi munosabatlarni yanada rivojlantirishga asos bo'lishini qayd etdi.
Pokiston Islom Respublikasi Savdo-sanoat palatalari federatsiyasi prezidenti Mian Nasser Xayt Maggo esa bugungi uchrashuv kuchli ishbilarmonlik maydoniga aylanishiga, chuqur hurmat va samimiy do'stlik tamoyillariga asoslangan O'zbekiston va Pokiston ishbilarmon doiralari o'rtasidagi munosabatlar yangi boshlang'ich nuqtani belgilashiga ishonch bildirdi.
Tadbir yakunida O'zbekiston va Pokiston xususiy sektor vakillari ikki mamlakatda qo'shma loyihalarni yanada rivojlantirishga o'z hissalarini qo'shish istaklarini bildirdilar.
Ma'lumot uchun, yurtimizning ayni paytdagi mehmon davlat bilan 2021-yil yanvar-may oylaridagi o'zaro tovar ayirboshlash hajmi 69,4 million dollarni tashkil etdi.