Pokistonga harbiy havo transporti orqali qariyb 40 tonna yuk yetkaziladi. Insonparvarlik yuki tarkibiga oziq-ovqat mahsulotlari, shu jumladan oʻsimlik yogʻi, un, guruch, goʻsht konservalari, qandolat va makaron mahsulotlari, shuningdek toʻqimachilik mahsulotlari va boshqa tovarlar kiritilgan.
Eslatib oʻtamiz, soʻnggi bir necha hafta ichida Pokistonda misli koʻrilmagan musson yomgʻirlari va suv toshqinlari 30 milliondan ortiq kishining kundalik hayotini izdan chiqargan. Mamlakatning gʻarbi va janubidagi Balujiston va Sind provinsiyalari eng koʻp zarar koʻrgan. Yuz minglab odamlar boshpanasiz qolgan.
Ommaviy axborot vositalari xabarlariga koʻra, Pokiston dunyo hamjamiyatiga yordam soʻrab murojaat qilgan. Kuchli yomgʻir va keng koʻlamli toshqinlar natijasida 1000 dan ortiq odam vafot etgan.