O‘zbekiston-Portugaliya: Hamkorlikning yangi qirralari

    Biznes 30 Mart 2021 581

    O‘zbekiston va Portugaliya o‘rtasida Videokonferensiya aloqasi shaklida uchrashuv tashkil etildi.

    Savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikni yanada rivojlantirish masalasi bo‘lib o‘tgan onlayn-muloqotning asosiy mavzusi bo‘ldi.

    Tadbirda Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, «O‘zcharmsanoat» uyushmasi, mamlakatimizning Fransiyadagi elchixonasi hamda Portugaliya tashqi savdo va investitsiya agentligi – «AICEP Portugal Global», Portugaliya sanoat uyushmasi (AIP) vakillari ishtirok etdi.

    Onlayn-muloqot avvalida «O‘zcharmsanoat» uyushmasi tomonidan mamlakatimizning charm-poyabzal va mo‘ynachilik tarmog‘i haqida batafsil ma’lumot berildi. Sohaning investitsiyaviy va ishlab chiqarish salohiyati taqdimoti o‘tkazildi. Shuningdek, Portugaliya tashqi savdo va investitsiya agentligi raisi Luish Filip de Kastro Enrikes mazkur tashkilotning vazifalari va imkoniyatlari to‘g‘risida uchrashuv ishtirokchilariga ma’lumot taqdim etdi.

    Ma’lumot uchun, AICEP Portugal Global davlat tashkiloti sanaladi. Asosiy vazifasi Portugaliya biznesini rivojlantirish va xalqaro hamkorlik miqyosida xorijiy mamlakatlar bilan o‘zaro manfaatli aloqalarni yo‘lga qo‘yishdir. Shuningdek, investitsiyalarni jalb etish va xorijga yo‘naltirish bo‘yicha xizmatlar ko‘rsatish, xuquqiy maslahatlar berish hamda ishonchli aloqalarni topish bilan shug‘ullanadi. Investitsiya loyihalarni ishga tushirishda bevosita ishtirok etadi.

    «AICEP Portugal Global»ning asosiy vazifalaridan yana biri hamkorlikka doir xujjatlarni ishlab chiqishda zarur bo‘ladigan marketing ma’lumotlarini tayyorlash bilan shug‘ullanish hisoblanadi.

    Onlayn muloqotda Portugaliya tomoni hamkorlik uchun qulay sohalarni chuqurroq o‘rganish va istiqbolli loyihalarni ekspertizadan o‘tkazish maqsadida ekspertlar missiyasini O‘zbekistonga yuborishni rejalashtirayotganini ma’lum qildi.

    Onlayn-uchrashuvda charm-poyabzal, shuningdek, to‘qimachilik, farmatsevtika va boshqa tarmoqlar bo‘yicha Portugaliya vakillari bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish masalalari atroflicha muhokama etildi. Shuningdek, Lissabonda ikki davlat ishbilarmon doiralari ishtirokida biznes-forum o‘tkazish masalasi ko‘rib chiqildi.

    Uchrashuv yakunida tomonlar O‘zbekiston va Portugaliya o‘rtasida biznes delegatsiyalar tashrifini tashkil etish, hamkorlikning amaliy jihatlarini yuzma-yuz muhokama qilib olish bo‘yicha qaror qabul qildilar, deb xabar beradi «O‘zcharmsanoat» uyushmasi matbuot xizmati.