Oʻzbekiston Prezidenti Rossiya delegatsiyasini qabul qildi

    Hukumat 11 Fevral 2025 3996

    Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 11-fevral kuni Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Administratsiyasi rahbarining oʻrinbosari Maksim Oreshkin boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi.

    Uchrashuv avvalida Maksim Oreshkin davlatimiz rahbariga Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putinning salomi va eng ezgu tilaklarini yetkazdi.

    Oʻtgan yil may oyida Oʻzbekistonga amalga oshirilgan davlat tashrifi va boshqa oliy darajadagi muloqotlar davomida erishilgan kelishuvlarni tasdiqlangan «yoʻl xaritasi«ga muvofiq amalga oshirish masalalari koʻrib chiqildi.

    Savdo-iqtisodiy hamkorlikning rivojlanish surʼatini saqlab qolish, sanoat kooperatsiyasi va elektron tijorat loyihalarini qoʻllab-quvvatlash, suv xoʻjaligi, oliy taʼlim va muhandis kadrlar tayyorlash, sunʼiy intellekt, madaniy almashinuv va sport sohalarida amaliy hamkorlikni kengaytirish boʻyicha kompleks choralar koʻrishga alohida eʼtibor qaratildi.