Oʻzbekiston Prezident iva Yaponiya Bosh vaziri hamkorlik istiqbollarini muhokama qildilar

    Hukumat 12 May 2021 4016

    Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 12-may kuni Yaponiya Bosh vaziri Yosixide Suga bilan telefon orqali muloqot qildi.

    Oʻzbekiston-Yaponiya strategik sheriklik va koʻp qirrali hamkorlik munosabatlarini yana-da rivojlantirishning dolzarb masalalari muhokama qilindi.

    2019-yil dekabr oyida Yaponiyaga amalga oshirilgan oliy darajadagi tashrifdan soʻng amaliy hamkorlikda, ochiq va samarali muloqotda yuksak natijalarga erishilgani mamnuniyat bilan qayd etildi.

    Davlatimiz rahbari yangi Oʻzbekistonni barpo etish boʻyicha mamlakatimizda amalga oshirilayotgan kompleks islohotlar dasturini faol qoʻllab-quvvatlayotgani hamda koronavirusga qarshi kura shva pandemiyaning iqtisodiy oqibatlarini yengib oʻtishda koʻrsatilgan yordam uchun Yaponiya Bosh vaziri va Hukumatiga samimiy minnatdorlik bildirdi.

    Yaponiya Bosh vaziri, oʻz navbatida, yangilanishlarni yana-da ilgari surish, zamonaviy sanoat va ijtimoiy infratuzilmani rivojlantirish maqsadida Oʻzbekistonga moliyaviy-texnik koʻmakni kengaytirishga tayyor ekanini taʼkidladi.

    Yaponiya tomoni Toshkent Koreya yarim orolini yadroviy quroldan xoli hududga aylantirish va oʻgʻirlangan yapon fuqarolarini qaytarish masalasini muttasil qoʻllab-quvvatlayotgani uchun alohida minnatdorlik bildirdi.

    Ikki tomonlama savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy va moliyaviy hamkorlikni rivojlantirish istiqbollari koʻrib chiqildi.

    Oʻzbekiston Prezidenti JISA agentligi, Yaponiyaning yetakchi kompaniyalari va bank-moliya institutlari bilan samarali sheriklikni yuksak baholadi. Oʻtgan yilda, global inqiroz va karantin cheklovlariga qaramay, yaponiyalik sarmodor va mutaxassislar bilan birgalikda Toʻraqoʻrgʻon IES qurilishi, Navoiy IESni kengaytirishning ikkinchi bosqichi, “Navoiyazot” korxonasida ammiak va karbamid ishlab chiqarish boʻyicha yuqori texnologik quvvatlarni ishga tushirish kabi ustuvor loyihalar amalga oshirildi.

    Oʻzaro savdo va investitsiyalar hajmini oshirish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish muhim ekani alohida taʼkidlandi.

    Davlat rahbarlari qoʻshma biznes loyihalarni moliyaviy qoʻllab-quvvatlashning samarali vositalarini joriy etish tashabbusini maʼqulladilar.

    Shuningdek, xalqaro kun tartibi, mintaqaviy xavfsizlik va barqarorlikni taʼminlash masalalari yuzasidan fikr almashildi. Tomonlar “Markaziy Osiyo + Yaponiya” formatidagi amaliy hamkorlikni kengaytirishga tayyor ekanliklarini qayd etdilar.

    Yaponiya Bosh vaziri joriy yil iyul oyida Toshkent shahrida oʻtkaziladigan Markaziy va Janubiy Osiyoning oʻzaro bogʻliqligiga bagʻishlangan xalqaro konferensiyani qoʻllab-quvvatlashini va uning ishida ishtirok etishini taʼkidladi.

    Suhbat soʻngida Oʻzbekiston Prezidenti Tokio shahridagi Olimpiya va Paralimpiya oʻyinlari muvaffaqiyatli oʻtishini tiladi hamda Bosh vazir Yosexide Sugani mamlakatimizga tashrif bilan kelishga taklif qildi.

    Oʻzbekiston va Yaponiya yetakchilarining telefon orqali muloqoti har doimgidek ochiq, doʻstona va ishchan ruhda oʻtdi.