Oʻzbekiston Prezidenti yangi tayinlangan elchilarni qabul qildi

    Hukumat 27 Dekabr 2021 5009

    27-dekabr kuni xorijiy davlatlarning Oʻzbekistonga yangi tayinlangan elchilari tomonidan ishonch yorliqlarini tantanali topshirish marosimi boʻlib oʻtdi.

    Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Latviya Respublikasi elchisi Reynis Troksha, Vengriya elchisi Dyula Kovach, Fransiya Respublikasi elchisi Oreliya Bushez va Saudiya Arabistoni Podshohligi elchisi Yusuf al-Utaybiydan ishonch yorliqlarini qabul qilib oldi.

    Davlatimiz rahbari yangi tayinlangan elchilarni mamlakatimizda diplomatik missiyasini boshlagani bilan samimiy tabrikladi.

    Oʻzbekiston xorijiy davlatlar va xalqaro tashkilotlar bilan konstruktiv muloqotni rivojlantirish, oʻzaro manfaatli sheriklikni kengaytirishga muhim ahamiyat qaratayotgani taʼkidlandi.

    Prezidentimiz mamlakatimiz demokratik yangilanishlarni davom ettirish, Yangi Oʻzbekiston taraqqiyot strategiyasi asosida kompleks islothotlarni amalga oshirishda izchillikni taʼminlash yoʻlida qatʼiy ekanini qayd etdi.

    Taraqqiyot strategiyasida har bir fuqaroning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini taʼminlash, erkin va ochiq jamiyat, xalqchil davlat barpo etish bosh maqsad qilib belgilangan.

    Oʻzbekistonni 2030-yilga borib aholi daromadlari oʻrtacha koʻrsatkichdan yuqori boʻlgan mamlakatga aylantirish asosiy vazifadir. Shu maqsadda bozor islohotlarini chuqurlashtirish, yangi ish oʻrinlarini yaratish, xususiy sektorni qoʻllab-quvvatlash, xorijiy investitsiya va texnologiyalarni keng jalb etishga katta eʼtibor qaratilmoqda.

    Pragmatik va chuqur oʻylangan tashqi siyosat va iqtisodiy diplomatiya bundan buyon ham davom ettiriladi.

    Markaziy Osiyo davlatlari bilan yaxshi qoʻshnichilik munosabatlari va sheriklik aloqalarini mustahkamlab borish ustuvor yoʻnalishlaridan biri boʻlib qoladi.

    Oʻzbekiston Rossiya, Xitoy, AQSH, shuningdek, Yevropa, Janubiy Osiyo, Osiyo-Tinch okeani va Yaqin Sharq davlatlari bilan koʻp qirrali hamkorlikni sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqmoqda.

    Prezidentimiz taʼkidlaganidek, biz dunyoga, dunyo esa bizga ochiq boʻlishi kerak – bu bugungi taraqqiyotning asosiy talabi. Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi siyosiy faoliyati konsepsiyasi yangi tahrirda qabul qilinadi.

    Mintaqamizning ajralmas qismi sifatida qaralayotgan Afgʻonistondagi vaziyatning tartibga solinishini davlatimiz rahbari xavfsizlikni taʼminlashning eng muhim omili, deb atadi. Oʻzbekiston yaqin qoʻshnimiz boʻlgan ushbu mamlakatda iqtisodiy va gumanitar inqirozga yoʻl qoʻymaslik, tinchlik oʻrnatilishiga koʻmaklashish uchun xalqaro hamjamiyat bilan keng koʻlamli hamkorlikka tayyor, dedi Prezident.

    Oʻzbekiston yetakchisi yangi tayinlangan elchilar vakillik qilayotgan mamlakatlar bilan keng koʻlamli va uzoq muddatli hamkorlikning istiqbollariga toʻxtalib oʻtdi.

    Latviya Oʻzbekistonning Yevropadagi ishonchli va muhim sherigi boʻlib, uzoq yillardan buyon mamlakatimizning Boltiq va Skandivaniya bozorlariga chiqishida koʻmaklashib kelmoqda.

    Davlatlarimiz oʻrtasida anʼanaviy doʻstona va oʻzaro manfaatli munosabatlar qaror topgan. Latviya Respublikasi xalqaro tashkilotlar va Yevropa Ittifoqi doirasida mamlakatimizni doimo qoʻllab-quvvatlab kelmoqda.

    Shu bilan birga, hamkorlikni rivojlantirish uchun hali ishga solinmagan katta imkoniyatlar mavjud. Ikki mamlakat oʻrtasidagi savdo munosabatlarning salohiyatidan samarali foydalanish, transport, qishloq xoʻjaligi, farmatsevtika, toʻqimachilik sanoati, turizm sohalarida qoʻshma loyiha va dasturlarni faol ilgari surish zarurligi taʼkidlandi.

    Latviya yuqori darajadagi delegatsiyalarining 2022-yilga rejalashtirilgan Oʻzbekistonga tashriflari hamkorlikni kengaytirish uchun yangi imkoniyatlar ochadi.

    Oʻzbekiston yetakchisi Vengriya bilan koʻp asrlik tarixiy yaqinlik va xalqlarimizning qardoshlik rishtalariga asoslangan ikki tomonlama munosabatlar keyingi yillarda izchil rivojlanib borayotganini mamnuniyat bilan qayd etdi.

    Vengriya Bosh vaziri Viktor Orbanning joriy yil mart oyidagi Oʻzbekistonga tashrifi davomida Oʻzbekiston-Vengriya hamkorligi strategik sheriklik darajasiga koʻtarildi.

    Ikki mamlakat yetakchilari oʻrtasidagi konstruktiv muloqotning davom ettirilishi davlatlararo munosabatlarning yanada rivojlanishiga xizmat qilishiga ishonch bildirildi.

    Soʻnggi yillarda oʻzaro tovar ayirboshlash hajmi ikki barobarga oshdi. Vengriyaning yetakchi kompaniyalari bilan birgalikda qoʻshma loyihalar muvaffaqiyatli amalga oshirilmoqda.

    Hududlararo hamkorlik mexanizmi yaratildi. Joriy yil iyun oyida ikki mamlakat oliy taʼlim muassasalari rektorlarining birinchi forumi muvaffaqiyatli oʻtkazildi. Sentyabr oyidan boshlab Vengriya oliy taʼlim dargohlarida “Xungarikum” dasturi doirasida oʻzbekistonlik talabalar tahsil ola boshladi.

    Qishloq xoʻjaligi, chorvachilik, mashinasozlik, farmatsevtika, logistika, turizm kabi muhim sohalarda hamkorlikni kengaytirish zarurligi qayd etildi.

    Ulkan xalqaro nufuz va salmoqli iqtisodiy salohiyatga ega Fransiya Oʻzbekistonning Yevropa Ittifoqidagi muhim sheriklaridan biridir.

    2018-yil oktyabrda Fransiyaga amalga oshirilgan oliy darajadagi rasmiy tashrif hamda joriy yil avgust oyida Prezident Emmanuel Makron bilan telefon orqali muloqotlar Oʻzbekiston-Fransiya munosabatlarini har tomonlama mustahkamlashga xizmat qildi.

    Oʻzbekistonda Fransiya kompaniyalari bilan birgalikda qator oʻzaro manfaatli loyihalar amalga oshirilmoqda. Jizzax viloyatida “Renault” avtomobillarini ishlab chiqarish, “EDF” bilan birgalikda energetika obyektlarini, “Veolia” ishtirokida kommunal infratuzilmani modernizatsiya qilish, “Total Eren” bilan hamkorlikda quyosh elektr stansiyasini qurish shular jumlasidan.

    Oʻzbekiston Prezidenti mamlakatimizdagi ijtimoiy-iqtisodiy loyiha va dasturlarni amalga oshirishga koʻmaklashayotgan Fransiya taraqqiyot agentligi bilan hamkorlikni yuqori baholadi.

    Yurtimiz innovatsiya, qishloq xoʻjaligi, aviasozlik, togʻ-kon sanoati, tibbiyot, taʼlim va turizm sohalarida istiqbolli loyihalarni birgalikda amalga oshirish, madaniy-gumanitar aloqalarni kengaytirishdan manfaatdor ekani taʼkidlandi. Qayd etilganidek, 2022-yilda Luvr muzeyida Oʻzbekiston madaniy merosiga bagʻishlangan koʻrgazma oʻtkaziladi.

    Davlatimiz rahbari Fransiyaning 2022-yilning birinchi yarmida YEI Kengashiga raisligi davrida Oʻzbekistonning Yevroittifoqqa aʼzo mamlakatlar bilan koʻp tomonlama aloqalari yanada mustahkamlanishiga ishonch bildirdi.

    Saudiya Arabistoni nafaqat arab-musulmon olamida, balki butun dunyoda katta nufuzga va moliyaviy-iqtisodiy salohiyatga ega boʻlib, Oʻzbekistonning muhim hamkoridir.

    Ikki muqaddas masjid xodimi, Podshoh Salmon Ol Saud va Valiahd Muhammad Ol Saud bilan uchrashuvlar ikki tomonlama munosabatlar rivojiga qoʻshimcha surʼat bagʻishladi, dedi Prezidentimiz.

    Tashqi ishlar vaziri shahzoda Faysal va Investitsiya vaziri Xolid al-Falihning joriy yilda mamlakatimizga amalga oshirgan tashriflari Oʻzbekiston-Saudiya hamkorligini kengaytirish va mustahkamlashga muhim hissa qoʻshdi.

    Prezidentimiz mamlakatimiz hududlarida Saudiyaning “ACWA Power” kompaniyasi bilan hamkorlikda energetika sohasida yirik loyihalar muvaffaqiyatli amalga oshirilayotganini mamnuniyat bilan qayd etdi.

    Yurtimizda ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarni amalga oshirishga Saudiya taraqqiyot jamgʻarmasi ham salmoqli moliyaviy koʻmak koʻrsatib kelmoqda.

    Ikki tomonlama savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikni kengaytirish, Saudiya kompaniyalari bilan yangi loyihalarni ilgari surish muhim ekani taʼkidlandi.

    Ishonch yorliqlarini topshirish marosimi yakunida Oʻzbekiston Prezidenti xorijiy davlatlar diplomatik vakolatxonalari rahbarlariga ularning Oʻzbekiston Respublikasi bilan doʻstlik rishtalari va koʻp qirrali hamkorlikni mustahkamlash yoʻlidagi masʼuliyatli va sharafli faoliyatiga katta muvaffaqiyatlar tiladi.

    Diplomatlar samimiy qabul va samarali faoliyatiga yaratilgan sharoitlar uchun minnatdorlik bildirib, oʻzaro manfaatli aloqalarni yanada rivojlantirishga bor kuch-gʻayrati, bilimi va professional tajribasini qaratishlarini qayd etdilar.