Bugun, 14-yanvar kuni davlatimiz rahbari «Abu-Dabi barqaror rivojlanish haftaligi« xalqaro sammitining ochilish marosimida hamda barqaror rivojlanish sohasida Shayx Zoid nomidagi mukofotni topshirish marosimida ishtirok etdi.
Tadbirda Amirliklar Prezidenti Shayx Muhammad Ol Nahayon, Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyev, Qozogʻiston Respublikasi Prezidenti Qasim-Jomart Toqayev, Malayziya Bosh vaziri Anvar Ibrohim, Nigeriya Prezidenti Bola Tinubu, Ruanda Prezidenti Pol Kagame, Seyshel orollari Prezidenti Uovel Ramkalavan, Uganda Prezidenti Yoveri Museveni hamda boshqa xorijiy davlat va hukumatlar rahbarlari ham qatnashdi.
Oliy martabali mehmonlarni BAA rahbari kutib olgach, birgalikda suratga tushildi.
Abu-Dabi barqaror rivojlanish haftaligi — bu 2008-yilda BAA hukumati va “Masdar” kompaniyasi tomonidan barqaror rivojlanish sohasidagi global muammolarni hal etish uchun tashkil etilgan xalqaro platformadir. Forumning maqsadi jahonda barqaror taraqqiyotni jadallashtirish, iqtisodiy, ijtimoiy va ekologik rivojlanishga koʻmaklashish, oziq-ovqat va suv xavfsizligini taʼminlash, energiya tejamkorligi va karbonsizlantirishni ilgari surishdan iborat.
Bu galgi sammit kun tartibiga «yashil« iqtisodiyot sohasida barqaror taraqqiyotni taʼminlash, innovatsiyalar va yangi texnologiyalarni joriy etish, energetika va oziq-ovqat xavfsizligi boʻyicha mintaqaviy hamkorlikni mustahkamlash masalalari kiritilgan.
Forum doirasida Amirliklar asoschisi – marhum Shayx Zoid Ol Nahayon nomi bilan ataluvchi barqaror rivojlanish sohasidagi yutuqlar uchun mukofot bilan taqdirlash marosimi ham oʻtkaziladi. Bu galgi mukofotning «Global oʻrta maktablar« nominatsiyasida Toshkent shahridagi Prezident maktabi gʻolib deb topildi.
Mukofotni Birlashgan Arab Amirliklari Prezidenti Shayx Muhammad bin Zoid Ol Nahayon topshirdi.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev maktab vakillari bilan uchrashib, ularni gʻalaba bilan qizgʻin tabrikladi.