O‘zbekiston iqtisodiyotining strategik tarmoqlarida yuqori texnologik loyihalarni ilgari surishda AQSHning o‘z yo‘nalishida global yetakchi bo‘lgan ushbu kompaniyasi bilan amaliy hamkorlikni yanada kengaytirish masalalari ko‘rib chiqildi.
Davlatimiz rahbari kompaniya rahbarini 1 milliard dollar miqdorida to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalarni jalb qilgan holda Qashqadaryo viloyatidagi “GTL” zavodining uchta sanoat gaz uskunasini xarid qilish bo‘yicha kelishuv muvaffaqiyatli yakunlangani va tegishli bitim imzolangani bilan tabrikladi.
«Air Products» yana bir yirik loyihada – kamida 700 million dollarlik investitsiyalarni jalb qilgan holda Buxoro viloyatida MTO texnologiyasi asosida gaz-kimyo majmuasi qurilishida ishtirok etayotgani qayd etildi.
Mamlakatimizda “yashil” vodorod sohasini rivojlantirish bo‘yicha yana bir asosiy hamkor - Saudiya Arabistonining «ACWA Power» kompaniyasi ishtirok etayotgan istiqbolli loyihalarga alohida e’tibor qaratildi.
Amalga oshirilayotgan loyihalar doirasida yuqori malakali mutaxassislarni tayyorlash muhimligi alohida ta’kidlandi.