O‘zbekiston Prezidenti amaliy tashrif bilan Ozarbayjonda bo‘ladi

    O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyevning taklifiga binoan 5-6-iyul kunlari amaliy tashrif bilan ushbu mamlakatda bo‘ladi.

    Davlatimiz rahbari Shusha shahrida bo‘lib o‘tadigan Turkiy davlatlar tashkilotining "Transport o‘zaro bog‘liqligi va iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashish orqali barqaror kelajakni barpo etish" mavzusidagi norasmiy sammitida ishtirok etadi.

    Sammit davomida ko‘p tomonlama hamkorlikni, eng avvalo, savdo-iqtisodiyot, transport-kommunikatsiya va investitsiya-moliya sohalarida, shuningdek, "yashil" iqtisodiyot, qayta tiklanadigan energetika, iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashish va inson kapitalini rivojlantirish yo‘nalishlarida yanada kengaytirish masalalari muhokama qilinadi.

    Delegatsiyalar rahbarlari xalqaro va mintaqaviy ahamiyatga molik dolzarb masalalarni ham ko‘rib chiqadilar.

    Tadbir yakunida qator qo‘shma hujjatlar qabul qilinishi ko‘zda tutilgan.