O‘zbekiston Prezidenti “AMEA Power”, “M42” va “IFFCO” kompaniyalari rahbarlari bilan uchrashuv o‘tkazdi

    O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Abu-Dabi shahriga tashrifning ishbilarmonlik dasturi doirasida “AMEA Power” kompaniyasi rahbari Husayn al-Novays, “M42” kompaniyasi rahbari Hasan Jasim al-Novays va “IFFCO Group” kompaniyasi rahbari Sheroz Allanni qabul qildi.

    “AMEA Power” - qayta tiklanuvchi energiya sohasida tez sur’atda rivojlanayotgan kompaniya. 20 mamlakatda umumiy quvvati 6 gigavattdan ortiq bo‘lgan loyihalar portfeliga ega. “M42” innovatsion texnologiyalardan foydalangan holda tibbiy xizmat ko‘rsatish sohasida yetakchi kompaniyalardan biri hisoblanadi. “IFFCO Group” oziq-ovqat sohasida 100 dan ortiq brendlarni boshqaradi.

    Energetika, innovatsiyalar, sog‘liqni saqlash va oziq-ovqat sanoatida qo‘shma loyihalarni ilgari surish hamda BAA kompaniyalari bilan innovatsion hamkorlikni kengaytirish masalalari ko‘rib chiqildi.

    "AMEA Power" kompaniyasi bilan hamkorlik jadal rivojlanib borayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi. Shamol elektr stansiyalari, energiya saqlash tizimlarini qurish, neft-kimyo sohasida yuqori texnologik ishlab chiqarishlarni tashkil etish loyihalarini jadallashtirishga alohida e’tibor qaratildi.

    Bundan tashqari, “M42” kompaniyasi bilan genomika sohasida, "IFFCO Group" bilan esa oziq-ovqat sanoati va maishiy kimyo uchun ingrediyentlar ishlab chiqarishda o‘zaro manfaatli sheriklikni mustahkamlashga e’tibor qaratildi.