Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Birlashgan Arab Amirliklari sanoat va ilgʻor texnologiyalar vaziri Sulton Ahmad Al-Jobir hamda energetika va infratuzilma vaziri Suhayl Muhammad Al-Mazruiydan iborat delegatsiya bilan uchrashuvida amaliy hamkorlikni yanada kengaytirish va investitsiyaviy sheriklik loyihalarini ilgari surish masalalari koʻrib chiqildi.
Suhbat avvalida Sulton Al-Jobir davlatimiz rahbariga Amirliklar Prezidenti Shayx Muhammad Ol Nahayon, mamlakat Bosh vaziri, Dubay Amiri Shayx Muhammad Ol Maktum va Vitse-prezidenti Shayx Mansur Ol Nahayonning salomi va eng ezgu tilaklarini yetkazdi.
Uchrashuvda Oʻzbekiston-BAA koʻp qirrali munosabatlarining bugungi yuksak darajasi alohida mamnuniyat bilan qayd etildi. Oʻzaro tovar ayirboshlash hajmi, qoʻshma korxonalar va aviaqatnovlar soni oshmoqda. Birlashgan Arab Amirliklari yetakchi kompaniyalari ishtirokida Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan va istiqbolli loyihalar portfeli 20 milliard dollarga yetdi.
«Yashil« energetika ikki tomonlama hamkorlikning ustuvor yoʻnalishi boʻlib xizmat qilmoqda. Bugun Navoiy viloyatida quvvati 500 megavatt boʻlgan shamol stansiyasi ishga tushirildi — bu loyiha Masdar kompaniyasi tomonidan amalga oshirildi.
Umuman, ushbu kompaniya ishtirokida soʻnggi yillarda mamlakatimizda umumiy quvvati 1,5 gigavatt boʻlgan elektr energiyasi ishlab chiqarish obyektlari ishga tushirildi.
Energetika, neft-gaz va kimyo tarmoqlari, togʻ-kon sanoati, suv taʼminoti, maishiy chiqindilarni qayta ishlash va boshqa yoʻnalishlarda yirik investitsiya loyihalarini tez fursatda tayyorlash va amalga oshirishga alohida eʼtibor qaratildi.
Barcha darajalardagi samarali muloqotlarni davom ettirish va boʻlajak oliy darajadagi tadbirlarga puxta tayyorgarlik koʻrish muhimligi qayd etildi.