Oʻzbekiston Prezidenti BAA Vitse-prezidenti bilan koʻp qirrali sheriklikni yanada kengaytirish boʻyicha amaliy chora-tadbirlarni muhokama qildi

    Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Abu-Dabi shahriga tashrifi doirasida Birlashgan Arab Amirliklari Vitse-prezidenti Shayx Mansur Ol Nahayon bilan uchrashuv oʻtkazdi.

    Koʻp qirrali hamkorlik va ustuvor yoʻnalishlardagi amaliy sheriklikni yanada kengaytirishning dolzarb masalalari koʻrib chiqildi.

    Bugun Oʻzbekiston-BAA munosabatlarini strategik sheriklik darajasiga olib chiqqan oliy darajadagi tarixiy muzokaralar yakunlari mamnuniyat bilan qayd etildi.

    Kuni kecha Birlashgan Arab Amirliklarining yetakchi kompaniya va xoldinglari rahbarlari bilan erishilgan kelishuvlar toʻliq amalga oshirilishi qoʻllab-quvvatlandi.

    Uchrashuvda oʻzaro savdo va investitsiyalar hajmini yanada oshirish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi. Uy-joy va transport infratuzilmasi, energetika, togʻ-kon sanoati, shaharsozlik, raqamlashtirish va boshqa sohalarni rivojlantirish boʻyicha kooperatsiya loyihalarini ilgari surish muhimligi qayd etildi.

    Sunʼiy intellekt borasida, shu jumladan soha mutaxassislarini tayyorlash boʻyicha qoʻshma loyiha va dasturlarni amalga oshirish istiqbolli yoʻnalish sifatida belgilandi.