Oʻzbekiston Prezidenti Belarus bilan parlamentlararo hamkorlikni yanada kengaytirish muhimligini taʼkidladi

    Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 27-avgust kuni mamlakatimizga rasmiy tashrif bilan kelgan Belarus Respublikasi Milliy Majlisi Respublika Kengashi Raisi Natalya Kochanova boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi.

    Uchrashuvda Oʻzbekiston va Belarus oʻrtasidagi koʻp qirrali munosabatlarni yanada chuqurlashtirish, jumladan, parlamentlararo hamkorlikni kengaytirish masalalari muhokama qilindi.

    Uchrashuv avvalida Natalya Kochanova davlatimiz rahbariga Belarus Prezidenti Aleksandr Lukashenkoning samimiy salomi va eng ezgu tilaklarini yetkazdi.

    Oʻzbekiston Prezidenti joriy yil fevral oyida oliy darajada erishilgan kelishuvlarga muvofiq ikki tomonlama hamkorlik jadal rivojlanayotgani, muloqot va almashinuvlar faollashayotganini mamnuniyat bilan qayd etdi.

    Tovar ayirboshlash hajmi ortmoqda, sanoat kooperatsiyasi loyihalari muvaffaqiyatli amalga oshirilmoqda, hududlararo ishbilarmonlik aloqalari kuchaymoqda, madaniy-gumanitar dastur doirasidagi tadbirlar muntazam oʻtkazilmoqda.

    Shu kunlarda Toshkent shahrida oʻtkazilayotgan parlamentlar doirasidagi qoʻshma tadbirlar, jumladan, Oʻzbekiston Oliy Majlisidagi uchrashuvlar va ikkinchi ayollar biznes forumining samarali natijalari yuksak baholandi.

    Ikki mamlakat oʻrtasida savdo, sanoat, qishloq xoʻjaligi, taʼlim, sogʻliqni saqlash va boshqa ustuvor yoʻnalishlardagi hamkorlikning aniq loyihalarini ilgari surishga qaratilgan faol parlamentlararo muloqotni davom ettirish zarurligi taʼkidlandi.