O‘zbekiston Prezidenti BMT Bosh Assambleyasining 76-sessiyasida muhim tashabbuslarni ilgari surdi

    Hukumat 21 Sentabr 2021 4571

    Birlashgan Millatlar Tashkilotining Nyu-Yorkdagi bosh qarorgohida 21-sentabr kuni BMT Bosh Assambleyasining 76-sessiyasi doirasidagi umumiy munozaralar boshlandi. Unda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev videomurojaat bilan so‘zga chiqdi.

    76-sessiyaning raisi Abdulla Shahid raisi boshchiligida o‘tkazilayotgan munozaralarning birinchi kunida BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish, a’zo davlatlar yetakchilari - Amerika Qo‘shma Shtatlari Prezidenti Jo Bayden, Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Si Szinpin, Braziliya Federativ Respublikasi Prezidenti Jair Bolsonaru, Eron Islom Respublikasi Prezidenti Ibrohim Raisi, Koreya Respublikasi Prezidenti Mun Chje In, Turkiya Respublikasi Prezidenti Rejep Tayyip Erdog‘an, Polsha Respublikasi Prezidenti Andjey Duda, Misr Arab Respublikasi Prezidenti Abdulfattoh as-Sisi, Qatar Davlati Amiri shayx Tamim bin Hamad Ol Soniy hamda Amerika, Yevropa, Osiyo va Afrikaning boshqa davlatlari rahbari ishtirok etdi.

    BMTga a’zo davlatlar delegatsiyalari global va mintaqaviy xavfsizlik, COVID-19 pandemiyasi sharoitida barqaror taraqqiyot va uning ijtimoiy-iqtisodiy oqibatlarini yengib o‘tish, inson huquq va erkinliklarini himoya qilish va rag‘batlantirishning muhim masalalari yuzasidan fikr almashdilar.

    O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev o‘z nutqida yangi sharoitlarda Birlashgan Millatlar Tashkiloti va uning ixtisoslashgan tuzilmalarining ahamiyati va o‘rni tobora ortib borayotganini qayd etdi.

    - Tinchlik, xavfsizlik va barqaror taraqqiyotga transmilliy tahdidlar tobora kuchaymoqda, iqlim jadal o‘zgarmoqda, ommaviy migratsiya oqimlari ko‘paymoqda, an’anaviy qadriyatlar zavol topmoqda.

    Jahon taqdiri bilan bog‘liq ushbu muhim jarayonlarda aynan Birlashgan Millatlar Tashkiloti o‘zining yetakchilik rolini yangi mazmun va sifat bilan davom ettirishi zarur. Biz Bosh kotibning xalqaro munosabatlar tizimida hamjihatlik va birdamlikni mustahkamlash, tashkilot faoliyatining samaradorligini va shaffofligini oshirishga qaratilgan harakatlarini qo‘llab-quvvatlaymiz, - dedi O‘zbekiston yetakchisi.

    Prezidentimiz BMTning “hech kimni e’tiborsiz qoldirmaslik”, degan tamoyil asosida vaksinalardan teng va adolatli foydalanish imkoniyatini yaratishga doir sa’y-harakatlarini to‘liq qo‘llab-quvvatladi.

    - Biz pandemiyalarga qarshi samarali kurashda vaksinatsiya natijalarini xalqaro miqyosda tan olish jarayonlarida Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining muvofiqlashtiruvchi rolini yanada kuchaytirish tarafdorimiz. O‘zbekiston Respublikasining tashabbusi bilan ishlab chiqilgan va Bosh Assambleyaning rasmiy hujjati sifatida tarqatilgan Pandemiyalar davrida davlatlarning ixtiyoriy majburiyatlari to‘g‘risidagi Kodeks bizning bu boradagi amaliy hissamizdir, - deya davom ettirdi Prezident.

    Davlatimiz rahbari so‘nggi yillarda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli va jadal demokratik islohotlar bugungi kunda ortga qaytmas tus olganini ta’kidladi.

    - Inson huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini ta’minlash hamda himoya qilish demokratik islohotlarimizning asosini tashkil etmoqda. So‘z va ommaviy axborot vositalari, din va vijdon erkinligini, gender tenglikni, millatlararo totuvlikni ta’minlash borasida qat’iy qadamlar tashlanmoqda, - dedi Prezident.

    Ishtirokchilarning e’tibori bosh g‘oyasi fuqarolik jamiyati institutlari rolini kuchaytirish, inson huquqlarini himoya qilish, kambag‘allikni kamaytirish, har bir kishini kafolatli daromad manbai bilan ta’minlash hamda barqaror ekologik rivojlanishga erishishdan iborat Yangi O‘zbekiston strategiyasi ishlab chiqilganiga qaratildi.

    - Asosiy maqsadimiz – 2030-yilga borib aholi jon boshiga to‘g‘ri keladigan daromadlar miqdori bo‘yicha “daromadi o‘rtachadan yuqori bo‘lgan davlatlar” qatoriga kirishdir. Bu rejamiz Birlashgan Millatlar Tashkilotining 2030-yilgacha bo‘lgan Barqaror rivojlanish maqsadlari ruhiga uyg‘un ekanini ta’kidlash lozim, - dedi O‘zbekiston yetakchisi.

    Shu ma’noda pandemiyadan keyingi davrda jahon iqtisodiyotini qayta tiklash muammolarini o‘rganish, kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha ilg‘or tajribalarni hayotga tatbiq etishga bag‘ishlangan xalqaro konferensiyani Toshkentda o‘tkazish taklif etildi.

    Davlatimiz rahbari global harakatlarga yoshlarni jalb etish bo‘yicha Butunjahon konferensiyasi mamlakatimizda muvaffaqiyatli o‘tkazilganini ta’kidladi hamda ushbu yo‘nalishdagi sa’y-harakatlarning davomi sifatida Samarqand shahrida muntazam o‘tkazilayotgan Inson huquqlari muloqotlari doirasida Global ta’lim forumini tashkil etish rejalashtirilganini ma’lum qildi.

    Prezidentimiz Markaziy Osiyo mintaqasida o‘zaro hamjihatlik va hurmat, yaqin qo‘shnichilik va strategik sheriklik ruhidagi mutlaqo yangi siyosiy muhitini mustahkamlash borasidagi sa’y-harakatlar qat’iy davom ettirilishini ta’kidladi.

    - Bizning asosiy maqsadimiz – Markaziy Osiyoni farovon va barqaror rivojlanayotgan, ishonch va do‘stlik makoniga aylantirishdir. Buning uchun biz qo‘shni va yondosh mintaqalar bilan o‘zaro aloqalarni kuchaytirishga ustuvor ahamiyat qaratmoqdamiz, - dedi O‘zbekiston yetakchisi.

    O‘zbekiston Markaziy va Janubiy Osiyoning o‘zaro bog‘liqligini mustahkamlash to‘g‘risidagi BMT Bosh Assambleyasining maxsus rezolyutsiyasini qabul qilish tashabbusini ilgari surgan haqida ma’lum qilindi. Shu munosabat bilan Afg‘oniston Markaziy Osiyoning uzviy qismi ekani yana bir bor ta’kidlandi.

    - Bu davlatda tinchlik va osoyishtalik o‘rnatilishidan nafaqat biz, qo‘shni mamlakatlar, balki butun dunyo manfaatdordir. Hozirgi qiyin davrda Afg‘onistonni yakkalab, uni muammolar girdobiga tashlab qo‘yish mumkin emas. Afg‘on masalasida Birlashgan Millatlar Tashkilotining ta’siri va ovozi har qachongidan ham kuchliroq yangrashi lozim, - deb ta’kidladi Prezident.

    O‘zbekiston yetakchisi dunyoda xavf-xatar va ziddiyatlar, transmilliy tahdidlar tobora ortib borayotganiga e’tibor qaratdi. Shu yil noyabr oyida Toshkentda BMTning Global aksilterror strategiyasi Markaziy Osiyo uchun rejasining o‘n yillik natijalari va istiqbollariga bag‘ishlangan Xalqaro konferensiya o‘tkazilishi xalqaro hamkorlikni yanada mustahkamlashga xizmat qilishi ta’kidlandi.

    Davlatimiz rahbari O‘zbekiston tomonidan iqlim o‘zgarishlariga qarshi kurash, atrof-muhit va bio xilma-xillikni muhofaza qilish, tiklanadigan energiya manbalariga o‘tish masalalarida ko‘rilayotgan chora-tadbirlarga alohida to‘xtaldi.

    - Bu nafaqat bugungi, balki kelajak avlodlar oldidagi ezgu insoniy burchimizdir, - dedi Shavkat Mirziyoyev.

    Shu yil may oyida BMT Bosh Assambleyasining Orolbo‘yi mintaqasini ekologik innovatsiyalar va texnologiyalar hududi, deb e’lon qilish to‘g‘risidagi maxsus rezolyutsiyasi qabul qilingani O‘zbekistonning bu boradagi sa’y-harakatlari samara berayotganini tasdiqlaydi.

    Ekologiya borasidagi choralarning mantiqiy davomi sifatida 2022-yili Orolbo‘yi hududida, Nukus shahrida «yashil» energetika bo‘yicha BMT bilan hamkorlikda yuqori darajadagi xalqaro forum o‘tkazish tashabbusi ilgari surildi.

    Shu bilan bir qatorda BMT shafeligida global ekologik siyosatning ustuvor yo‘nalishlarini batafsil muhokama qilish maqsadida 2023-yilda O‘zbekistonda Atrof-muhit bo‘yicha BMTning yuqori darajadagi Oltinchi Assambleyasini o‘tkazish taklif etildi.

    - Assambleya ishtirokchilari Orol dengizining qurishi natijasida yuzaga kelgan, ekologik ofat markazi bo‘lgan, Orolbo‘yi mintaqasidagi og‘ir vaziyat bilan bevosita tanishish va zarur xulosalar chiqarish imkoniyatiga ega bo‘ladilar. Bundan tashqari, atrof-muhit bo‘yicha Assambleyada Birlashgan Millatlar Tashkilotining yangi ekologik siyosati asoslarini tashkil etishga qaratilgan Butunjahon ekologiya Xartiyasini ishlab chiqish tashabbusini ilgari surmoqchimiz, - dedi O‘zbekiston yetakchisi.

    Prezident Shavkat Mirziyoyev so‘zining yakunida O‘zbekiston dunyoning barcha davlatlari va global tashkilotlar bilan o‘zaro manfaatli, uzoq muddatli va ko‘pqirrali sheriklikni rivojlantirishga doimo tayyor ekanini ta’kidladi. Mamlakatimiz xavfsiz hamda barqaror o‘sish, farovon kelajakni barpo etishga qaratilgan yaqin hamkorlikni bundan keyin ham kuchaytirib boraverishi qayd etildi.