Oʻzbekiston Prezidenti Bokuga amaliy tashrifini yakunladi

    Hukumat 13 Noyabr 2024 1766

    Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Ozarbayjonga amaliy tashrifining nihoyatda mazmunli dasturi yakuniga yetdi.

    Kecha, 12-noyabr kuni davlatimiz rahbari BMT Iqlim oʻzgarishi toʻgʻrisidagi konvensiyasi Tomonlari konferensiyasining 29-sessiyasi doirasidagi Jahon yetakchilari sammiti yalpi majlisida nutq soʻzlab, iqlim oʻzgarishi oqibatlarini birgalikda bartaraf etish boʻyicha muhim tashabbuslarni ilgari surdi.

    Sammit doirasida Oʻzbekiston yetakchisi Yevropa kengashi Raisi Sharl Mishel, Finlyandiya Prezidenti Aleksandr Stubb, Chernogoriya Prezidenti Yakov Milatovich, Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki prezidenti Odil-Reno Basso, Islom taraqqiyot banki prezidenti Muhammad al-Jassir, ICESCO bosh direktori Salim al-Malik, Yashil iqlim fondi ijrochi direktori Mafalda Duerte va Buyuk Britaniyaning sobiq bosh vaziri, Global oʻzgarishlar instituti raisi Toni Bler bilan uchrashuvlar oʻtkazdi.

    Tashrif dasturining ikkinchi kuni, 13-noyabrda Prezidentimiz Oʻzbekiston, Qozogʻiston va Ozarbayjon oʻrtasida «yashil« energiyani rivojlantirish va uzatish sohasida strategik sheriklik toʻgʻrisidagi uch tomonlama bitimni imzolash marosimida ishtirok etdi.

    Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev bilan uchrashuv boʻlib oʻtdi, uning yakunida davlat rahbarlari qoʻshma fabrikani ishga tushirdilar.

    BMT iqlim sammiti doirasida Chexiya Bosh vaziri Petr Fiala, Gretsiya Bosh vaziri Kiriakos Mitsotakis, Jahon savdo tashkiloti bosh direktori Ngozi Okonjo-Iveala va Global ekologik fond bosh direktori Karlos Rodriges bilan uchrashuvlar oʻtkazildi.

    Prezidentimiz Oʻzbekistonning COP29dagi Milliy pavilyonini ham koʻzdan kechirdi.

    Tashrif tadbirlari yakunlangach, davlatimiz rahbari Toshkentga joʻnab ketdi. Haydar Aliyev nomidagi xalqaro aeroportda Prezidentimiz va rafiqasini Ozarbayjon adliya vaziri Farid Ahmedov va boshqa rasmiy shaxslar kuzatib qoʻydi.