O‘zbekiston Prezidenti "Boston Consulting Group” kompaniyasi rahbarini qabul qildi

    Hukumat 20 Sentabr 2023 4240

    O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 20-sentabr kuni Nyu-York shahriga tashrif doirasida o‘ziga ajratilgan qarorgohda “Boston Consulting Group” kompaniyasi raisi Rich Lesserni qabul qildi.

    Uchrashuv avvalida davlatimiz rahbari AQSHning ushbu konsalting kompaniyasi O‘zbekistondagi yirik korxonalarning boshqaruvini maqbullashtirish loyihalarida faol ishtirok etayotganini qayd etdi. O‘tgan yili Toshkent shahrida “Boston Consulting Group”ning ofisi ochildi.

    Suhbatda sun’iy intellekt salohiyatidan foydalangan holda Bilimlar iqtisodiyotiga o‘tish bo‘yicha uzoq muddatli kompleks strategiyani, sanoatni rivojlantirish dasturini hamda O‘zbekiston energetika sohasini rivojlantirish “master rejasi”ni birgalikda ishlab chiqish masalalari muhokama qilindi.

    Investorlar bilan O‘zbekiston hududlarini rivojlantirishga uzviy bog‘lagan holda ishlash samaradorligini oshirish, davlat korxonalari va banklarni transformatsiya qilish va xususiylashtirish, banklarning raqamli infratuzilmasini modernizatsiya qilish, shaharlarni rivojlantirish va energetikadagi loyihalarni ekspertiza jihatidan qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha qo‘shma loyihalarni amalga oshirish istiqbollari ham ko‘rib chiqildi.