O‘zbekiston Prezidenti YETTB bilan strategik hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlarini belgilab berdi

    Hukumat 17 May 2023 4368

    O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Samarqand shahriga tashrif doirasida Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki prezidenti Odil Reno-Bassoni qabul qildi.

    Uchrashuv boshida davlatimiz rahbari bank rahbariyati va jamoasini Boshqaruvchilar kengashining yillik yig‘ilishi 70 ta mamlakatdan 2,5 ming nafardan ziyod delegat ishtirokida O‘zbekistonda muvaffaqiyatli o‘tkazilayotgani bilan samimiy tabrikladi.

    Ushbu tadbir global iqtisodiyot istiqbollarini keng muhokama va chuqur tahlil qilish, uni barqaror rivojlantirish bo‘yicha tavsiyalar ishlab chiqish uchun muhim maydon bo‘lishiga ishonch bildirildi.

    Keyingi yillarda O‘zbekiston bilan Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki o‘rtasidagi samarali hamkorlik yuksak darajaga ko‘tarilgani alohida mamnuniyat bilan qayd etildi.

    2017-yildan buyon bank mamlakatimizga 3,3 milliard yevro investitsiya kiritdi, loyihalar portfelining 55 foizi xususiy sektorga to‘g‘ri kelmoqda. O‘zbekiston YETTBning mintaqadagi yetakchi hamkori hisoblanadi va amaliyotlar hajmi bo‘yicha birinchi beshlikka kiradi.

    Bankning ko‘magi va faol ishtiroki bilan Xorijiy investorlar kengashining birinchi yig‘ilishi samarali o‘tkazildi. Investitsiya va bank-moliya sohalarida yirik bitimlar amalga oshirildi. Yetakchi moliyaviy institut ekspertlari “yashil” iqtisodiyot, kommunal soha va transport infratuzilmasini modernizatsiya qilish, ekologiya va boshqa ustuvor yo‘nalishlardagi islohotlarga ko‘maklashmoqda.

    Yangi uzoq muddatli Sheriklik strategiyasini tayyorlash va boyitish masalalari diqqat markazida.

    Kichik va o‘rta biznesni rivojlantirish, ayollar tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlash, xususiylashtirish va iqtisodiyotda xususiy sektor ulushini oshirish, davlat-xususiy sheriklik mexanizmlarini, “yashil” va innovatsion texnologiyalarni joriy qilish hamda “Yashil shaharlar” dasturidagi ishtirokni kengaytirish borasidagi dastur va loyihalar hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlari sifatida belgilab olindi.

    Markaziy Osiyoda mintaqaviy integratsiyani mustahkamlash loyihalarini qo‘llab-quvvatlash uchun keng imkoniyatlar mavjudligi qayd etildi.

    Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki prezidenti Odil Reno-Basso Samarqand shahrida bank boshqaruvchilarining yillik uchrashuvini tashkil etish va muvaffaqiyatli o‘tkazishda ko‘rsatilgan ko‘mak uchun chuqur minnatdorlik bildirdi.

    Tomonlar mamlakatimizdagi ortga qaytmas tus olgan islohotlar doirasida O‘zbekiston va YETTB strategik hamkorligining yangi kun tartibini birgalikda amalga oshirishga tayyor ekanini ta’kidladilar.