Suhbatda yetakchilar ikki tomonlama kun tartibidagi dolzarb masalalarni koʻrib chiqdilar hamda Afgʻonistondagi voqealarning rivojlanishi nuqtayi nazaridan mintaqadagi joriy vaziyat yuzasidan fikr almashdilar.
Ushbu mamlakatda keskinlik va zoʻravonlikning avj olishiga yoʻl qoʻymaslik, shuningdek, afgʻon mojarosini siyosiy yoʻl bilan tartibga solishni xalqaro hamjamiyat tomonidan har tomonlama qoʻllab-quvvatlash masalalarida ikki mamlakatning pozitsiya va yondashuvlari mos ekani alohida taʼkidlandi.
Fuqarolarni Afgʻonistondan aviatsiya transportida Oʻzbekiston hududi orqali tranzit yoʻli bilan Germaniyaga evakuatsiya qilish boʻyicha gumanitar operatsiyalarni amalga oshirishda yaqindan muvofiqlashuvni va faol idoralararo hamkorlikni davom ettirish muhim ekani qayd etildi.
Mintaqadagi vaziyatning yana-da rivojlanishi boʻyicha oliy va yuqori darajadagi muntazam aloqalarni davom ettirishga kelishib olindi.