O‘zbekiston Prezidenti Guandun muzofoti bilan o‘zaro manfaatli hamkorlik uchun keng imkoniyatlarni qayd etdi

    Hukumat 25 Yanvar 2024 2808

    O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 25-yanvar kuni Shenchjen shahrida Guandun muzofoti partiya qo‘mitasi kotibi Xuan Kunmin bilan uchrashuv o‘tkazdi.

    Guandun – Xitoyning eng rivojlangan hududlaridan bo‘lib, mamlakat yalpi ichki mahsulotining qariyb 10 foizini shakllantiradi va bu ko‘rsatkich bo‘yicha yetakchilik qiladi. Muzofot O‘zbekiston hududlarining eng yirik iqtisodiy sherigidir.

    Uchrashuvda muzofot bilan o‘zaro manfaatli hamkorlikni, eng avvalo, yuqori texnologik tarmoqlarda kengaytirishning amaliy jihatlari ko‘rib chiqildi.

    Kuni kecha XXR Raisi Si Szinpin bilan sermahsul muzokaralar o‘tkazilgani, ular doirasida hududlararo aloqalarni yanada kengaytirish masalasi qo‘llab-quvvatlangani mamnuniyat bilan qayd etildi.

    Sanoat kooperatsiyasini chuqurlashtirish, shu jumladan Guandunning yetakchi kompaniyalari uchun mamlakatimiz hududlarida ixtisoslashtirilgan yuqori texnologik parklar tashkil etish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

    Kecha bo‘lib o‘tgan oliy darajadagi uchrashuvda tashkil etilishi kelishib olingan O‘zbekiston va Xitoy hududlari kengashi faoliyatida Guandun muhim o‘rni tutishi ta’kidlandi.

    O‘zbekiston muzofot hududida joylashgan “Huawei”, “BYD”, “ZTE” va boshqa ilg‘or kompaniyalar bilan hamkorlikni rivojlantirishdan manfaatdorligi qayd etildi.

    Gumanitar aloqalar va ishbilarmonlik almashinuvlarini faollashtirish maqsadida IT ta’lim sohasida hamkorlik qilish va to‘g‘ridan to‘g‘ri aviaqatnovlarni yo‘lga qo‘yish masalalari ko‘rib chiqildi.