Oʻzbekiston Prezidenti joriy yilda Pokistonga tashrif bilan borishi mumkin

    Mamlakatimizda 19 Aprel 2021 763

    Milliy matbuot markazida bugun, 19-aprel kuni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti matbuot xizmatining navbatdagi brifingi boʻlib oʻtdi.

    Unda mahalliy va xorijiy OAV vakillariga oʻtgan hafta mamlakatimiz hayotida yuz bergan muhim voqealar haqida qoʻshimcha maʼlumotlar berildi.

    Maʼlumki, Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida 13-aprel kuni yoshlar masalalari boʻyicha videoselektor yigʻilishi oʻtkazilgan, uning tafsilotlari haqida batafsil xabar bergan edik.

    Prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov mazkur videoselektor yigʻilishi davomida yoshlarimiz hayotida muhim oʻzgarish yasaydigan yangiliklar haqida toʻxtalib oʻtdi.

    – Mana oʻzingiz guvohi boʻldingiz, yoshlarni ishga olgan tadbirkorlarga bir qancha imtiyozlar beriladigan boʻldi. Bu yerdagi koʻpchilik jurnalistlarning oʻzi ham oʻsha yigʻilishda qatnashdi. Davlat tomonidan yoshlar uchun bir necha yuz milliard mablagʻ, subsidiyalar ajratilyapti. Shu bilan birga, yigʻilishda “1+1” dasturi, monomarkazlarda yoshlarni kasbga oʻqitish, hokimliklarning yoshlar bilan ishlashi qattiq tanqid qilindi. Jurnalistlarimiz joylarda shu masalalarni manzilli oʻrganib, davlatimiz tomonidan berilayotgan imkoniyatlarni yoshlar hayotiga taʼsirini jonli misollar bilan yoritsa yaxshi boʻlardi, – dedi Prezident matbuot kotibi.

    Brifingda 14-aprel kuni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Pokiston Islom Respublikasi Bosh vaziri Imron Xonning videoanjuman shaklidagi uchrashuvi haqida ham aytib oʻtildi.

    Maʼlumki, joriy yil boshida mamlakatlarimiz Afgʻoniston ham ishtirok etadigan muhim loyiha – Oʻzbekiston-Afgʻoniston-Pokiston temir yoʻli qurilishi haqida kelishuvga erishgan edi. Transafgʻon temir yoʻli deb nomlangan mazkur ulkan loyihaga Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev “asr loyihasi” deb taʼrif berayotgani bejiz emas.

    Chunki ushbu loyiha mintaqamiz qiyofasini butunlay oʻzgartirib, Afgʻonistonda tinchlik oʻrnatishdek dolzarb muammoning yechim topishiga va Afgʻonistonning iqtisodiy tiklanishiga yordam beradi.

    Bu strategik yoʻl qurilishi natijasida Pokistonni Markaziy Osiyo bilan bogʻlaydigan hamda Karachi, Gvadar va Qosim portlariga chiqadigan eng yaqin va samarali koridorga aylanadi.

    Bosh vazir Imron Xon ushbu loyihani shaxsan oʻzi nazorat qilishini taʼkidladi, – dedi Sherzod Asadov.

    Brifing davomida Pokiston Bosh vaziri iyul oyida Toshkentda Markaziy va Janubiy Osiyo mintaqaviy bogʻliqligi boʻyicha xalqaro konferensiyada ishtirok etishga tayyorligini bildirgani hamda davlatimiz rahbarini Pokistonga tashrif bilan kelishga taklif etgani ham alohida qayd etildi.

    Oʻsha kuniyoq Prezidentimiz Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining amaldagi raisi, Shvetsiya tashqi ishlar vaziri Ann Linde boshchiligidagi delegatsiya bilan uchrashgan edi. Unda Ann Linde xonim soʻnggi yillarda Oʻzbekistonda inqilobiy oʻzgarishlar boʻlayotgani, Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbuslari tufayli Markaziy Osiyoda oʻzaro ishonch va yaxshi qoʻshnichilik muhiti shakllanganini qayd etgani ham jurnalistlar uchun yangilik.

    – Shu oʻrinda bir narsani eslashni xohlardim. Koʻpchilik biladi, 1997-2002-yillarda Shvetsiya hukumati xotin-qizlar va yoshlar uchun “Bilimlar yuksalishi” (Knowledge Lift) yirik taʼlim dasturini amalga oshirgan. Ushbu dastur malakasi yetarli boʻlmagan fuqarolarni oʻqitish, ishga joylashtirishga xizmat qilgan. Ann Linde Oʻzbekistondagi “temir daftar”, “ayollar” va “yoshlar” daftarlari ham ijtimoiy rivojlanishga qaratilgan noyob tajriba ekanini, aholi uchun “ijtimoiy lift” boʻlishini taʼkidladi, – dedi Sherzod Asadov.