Oʻzbekiston Prezidenti maqolasi China Dailyʼda chop etildi

    Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti China Daily nashrida maqola eʼlon qilib, mamlakatning Shanxay Hamkorlik Tashkiloti (SHHT) doirasida hamkorlikni kuchaytirish boʻyicha qarashlarini bayon qildi.

    Maqolada SHHT davlatlari oʻrtasida turizmni rivojlantirish muhim yoʻnalish ekani taʼkidlanib, mintaqada arzon va sifatli turizm mahsulotlari yetishmasligi qayd etildi. Prezidentning soʻzlariga koʻra, Oʻzbekiston va Xitoy oʻrtasidagi muntazam aviaqatnovlar soni yil oxiriga qadar 46 tadan 60 taga yetadi.

    Prezident, shuningdek, BMT Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishda mintaqaviy hamkorlikni kengaytirish tarafdori ekanini bildirgan. U SHHT doirasida umumiy platforma yaratish, tajriba almashish va inklyuziv hamda “yashil” oʻsishni qoʻllab-quvvatlash zarurligini qayd etdi.

    Maqolada SHHT mexanizmlarini isloh qilish, hamda barcha davlatlar manfaatlari va zamonaviy chaqiriqlarni inobatga olgan holda uzoq muddatli strategiya ishlab chiqish taklifi ham ilgari surildi. Oʻzbekistonning maqsadi — mintaqaviy jarayonlarda ishtirok etish bilangina cheklanmay, balki oʻzaro ishonch va manfaat asosida umumiy kelajakni faol qurishdir.

    Davlat rahbari yaqinlashib kelayotgan Tyanszin shahridagi SHHT sammitidan muvaffaqiyatli natijalar kutayotganini bildirib, Xitoy xalqiga tinchlik, farovonlik va taraqqiyot tiladi.