Tadbirda, shuningdek, Amerika Qo‘shma Shtatlari Prezidenti Jozef Bayden, Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Qasim-Jomart Toqayev, Qirg‘iz Respublikasi Prezidenti Sadir Japarov, Tojikiston Respublikasi Prezidenti Emomali Rahmon va Turkmaniston Prezidenti Serdar Berdimuhamedov qatnashdilar.
Uchrashuv kun tartibiga muvofiq, savdo-iqtisodiy sheriklikni kengaytirish istiqbollari, “yashil” taraqqiyot, energetika xavfsizligini ta’minlash va qayta tiklanuvchi energiya manbalarini joriy qilish, mintaqaviy xavfsizlik, terrorizm va transchegaraviy jinoyatchilikka qarshi kurashish sohalarida hamkorlik masalalari muhokama qilindi.
Sammitda sakkiz yil muqaddam Samarqand shahrida tashkil etilgan “С5+1” formati Markaziy Osiyo davlatlari va Amerika Qo‘shma Shtatlari o‘rtasidagi ochiq va konstruktiv muloqot, barcha sohalarda samarali hamkorlikni rivojlantirish uchun muhim maydonga aylangani ta’kidlandi.
Davlatimiz rahbari Markaziy Osiyo mintaqasida do‘stlik, o‘zaro anglashuv va sheriklik munosabatlari mustahkamlanib borayotgani, bu keng hamkorlik uchun yangi va noyob imkoniyatlar yaratayotganini yuksak baholadi.
Savdo-investitsiyaviy faoliyatni kuchaytirish, loyihaviy hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, mintaqada transport yo‘laklarini rivojlantirish, “yashil” kun tartibini ilgari surish, inson huquqlari va gender tenglikni ta’minlash, ta’lim dasturlarini kengaytirish, Afg‘onistondagi vaziyatning tinch yo‘l bilan hal etilishiga ko‘maklashish kabi butun mintaqa rivoji uchun strategik ahamiyatga ega ustuvor yo‘nalishlar ko‘rsatib o‘tildi.
Uchrashuv yakunida mintaqa mamlakatlari va AQSH o‘rtasidagi o‘zaro anglashuvni yanada chuqurlashtirish va amaliy sheriklikni kengaytirish yuzasidan kelishuvlarga erishildi.