Oʻzbekiston Prezidenti Markaziy Osiyo va Yevropa Ittifoqi yetakchilarining ikkinchi sammitida ishtirok etadi

    Hukumat 1 Iyun 2023 4929

    Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev “Markaziy Osiyo – Yevropa Ittifoqi” formatidagi navbatdagi oliy darajadagi uchrashuvda ishtirok etish uchun 2-iyun kuni amaliy tashrif bilan Choʻlponota shahrida (Qirgʻiz Respublikasi) boʻladi.

    Tadbirda mintaqamiz davlatlarining rahbarlari va Yevropa Kengashi Prezidenti Sharl Mishel ishtirok etishi koʻzda tutilgan.

    Kun tartibidan Markaziy Osiyo mamlakatlarining Yevroittifoq bilan konstruktiv muloqotini yanada rivojlantirish va amaliy hamkorligini kengaytirish masalalari oʻrin olgan.

    “GSP+” tizimidan foydalangan holda oʻzaro savdoni koʻpaytirish, investitsiya va innovatsiya loyihalari uchun qulay sharoit yaratish va ularni ilgari surishga koʻmaklashish, “yashil” energetikani joriy etish, Transkaspiy xalqaro transport yoʻlagi salohiyatini roʻyobga chiqarish, raqamli oʻzaro bogʻliqlik, ekologiya, turizm, madaniyat va boshqa yoʻnalishlardagi sheriklikning dolzarb jihatlari diqqat markazida boʻladi.

    Sammit doirasida qator ikki tomonlama uchrashuvlar oʻtkazilishi ham rejalashtirilgan.

    Qayd etish joizki, bunday formatdagi birinchi mintaqaviy uchrashuv 2022-yil 27-oktyabr kuni Ostona shahrida boʻlib oʻtgan edi.