Oʻzbekiston Prezidenti Masʼud Pezeshkiyonni tabrikladi

    Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Masʼud Pezeshkiyonni Eron Islom Respublikasi Prezidenti etib saylangani bilan tabrikladi.

    Davlatimiz rahbari oʻz maktubida mamlakatlarimiz oʻrtasidagi koʻp qirrali va uzoq muddatli sheriklik barcha ustuvor yoʻnalishlarda yanada yuqori bosqichga koʻtarilishiga ishonch bildirdi.

    “Biz katta salohiyat va imkoniyatga ega boʻlgan, soʻnggi yillarda jadal rivojlanib borayotgan davlatingiz bilan siyosiy, savdo-iqtisodiy, transport-kommunikatsiya va madaniy-gumanitar sohalardagi hamkorlikni bundan buyon ham izchil va samarali kengaytirishdan manfaatdormiz”, - deyiladi maktubda.