Tadbirda Rossiya Prezidenti Vladimir Putin, Belarus Prezidenti Aleksandr Lukashenko, Qozogʻiston Prezidenti Qasim-Jomart Toqayev, Qirgʻiziston Prezidenti Sadir Japarov, Tojikiston Prezidenti Emomali Rahmon va Turkmaniston Prezidenti Serdar Berdimuhamedov ham qatnashdi.
Uchrashuvda 2024-yildagi birgalikdagi ishlarning asosiy yakunlari sarhisob qilindi va koʻp tomonlama hamkorlikning kelgusi yilga moʻljallangan ustuvor vazifalari koʻrib chiqildi.
Mintaqa ichida savdo va kooperatsiyani, eng avvalo, oʻzaro savdodagi toʻsiqlarni yanada bartaraf etish orqali kengaytirish boʻyicha qoʻshma chora-tadbirlarni ishlab chiqish muhimligi qayd etildi.
Koʻp qirrali sheriklikni yangi yoʻnalishlarda rivojlantirish istiqbollari yuzasidan fikr almashildi. Muhandislik maktablarini tashkil etish, internet texnologiyalari, katta maʼlumotlar industriyasi, kreativ iqtisodiyot, «yashil« energetika va tinch atom sohasini rivojlantirish, raqamli yechimlarni joriy etish shular jumlasidan.
Mintaqaviy va xalqaro ahamiyatga molik hamda umumiy tahdid va xatarlarga qarshi kurashda MDH doirasidagi amaliy hamkorlikni kengaytirish borasidagi dolzarb masalalar ham muhokama qilindi.