Davlatimiz rahbari Markaziy Osiyoda konstruktiv muloqot va ko‘p qirrali hamkorlikni rivojlantirish masalalarida BMTning Mintaqaviy markazi va boshqa tuzilmalari bilan samarali hamkorlik qilinayotganini alohida mamnuniyat bilan qayd etdi.
Keyingi bir necha yilda mamlakatimiz tashabbusi bilan va butun xalqaro hamjamiyat tomonidan qo‘llab-quvvatlangan holda Bosh assambleyaning mintaqadagi sheriklikning eng dolzarb yo‘nalishlari yuzasidan to‘rtta rezolyutsiyasi qabul qilindi.
Markazning bevosita ishtirokida O‘zbekistonda bir qator yirik xalqaro forum va uchrashuvlar birgalikda tashkil etildi. Bundan tashqari, Markaziy Osiyo yetakchi ayollarining muloqoti va Yoshlar uchun preventiv diplomatiya akademiyasi platformalari ishga tushirildi.
Natalya German O‘zbekiston Prezidentiga mintaqada do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik va ishonch muhitini mustahkamlash, amaliy hamkorlikni kengaytirishga xizmat qilgan muhim tashabbuslari uchun chuqur minnatdorlik bildirdi.
BMTning yuqori darajali vakili o‘zining yangi - Birlashgan Millatlar Xavfsizlik kengashining Terrorizmga qarshi kurashish qo‘mitasi Ijroiya tuzilmasi rahbari lavozimida O‘zbekiston bilan mintaqaviy xavfsizlik va barqarorlikni ta’minlash borasidagi yaqin hamkorlik bundan buyon ham davom etishiga ko‘maklashishini ta’kidladi.