Oʻzbekiston Prezidenti nomiga qutlovlar kelmoqda

    Saylov 29 Oktabr 2021 8429

    Xorijiy mamlakatlar yetakchilaridan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev nomiga uning joriy yil 24-oktyabr kuni boʻlib oʻtgan saylovda davlat rahbari lavozimiga qayta saylangani munosabati bilan qutlovlar kelmoqda. Ularda Oʻzbekiston Prezidentiga yangi zafarlar, Oʻzbekiston xalqiga esa tinchlik-osoyishtalik, farovonlik va ravnaq tilaklari bildirilgan.

    Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti

    Shavkat Mirziyoyev Janobi Oliylariga

    Hurmatli Shavkat Miromonovich!

    Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti lavozimiga qayta saylanganingiz munosabati bilan samimiy tabriklarimni qabul qilgaysiz.

    Ushbu gʻalaba Sizning ichki va iqtisodiy siyosatdagi islohotlaringiz natijasidir. Bu Sizning milliy davlatchilikni mustahkamlash, xalq farovonligini yuksaltirish borasidagi tashabbuslaringiz hamda milliy manfaatlarni mintaqaviy va xalqaro maydonda ilgari surish boʻyicha pozitsiyangiz Oʻzbekiston fuqarolari tomonidan qoʻllab-quvvatlanayotgani ifodasi hamdir.

    Mamlakatingiz Sizning rahbarligingiz ostida bundan buyon ham jadal rivojlanishi va ravnaq topishini tilayman.

    Qozogʻiston va Oʻzbekiston koʻp asrlik oʻzaro hurmat va yaxshi qoʻshnichilik anʼanalariga asoslangan har tomonlama strategik sheriklikni mustahkamlab borishiga va xalqlarimiz farovonligi yoʻlida izchil taraqqiy etishiga ishonaman.

    Oʻzaro hurmat va anglashuvga asoslangan doʻstligimizni yuksak qadrlayman. Kelajakda xalqlarimiz farovonligi yoʻlida yana bir bor uchrashishimizga umid qilaman.

    Fursatdan foydalanib, hurmatli Shavkat Miromonovich, Sizga mustahkam sogʻlik va bitmas-tuganmas kuch-gʻayrat, oilangizga baxt-saodat, birodar Oʻzbekiston xalqiga esa tinchlik-osoyishtalik va ravnaq tilayman!

    Samimiy tilaklar ila

    Nursulton Nazarboyev,

    Qozogʻiston Respublikasining
    Birinchi Prezidenti - Elboshi

    Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti

    Shavkat Mirziyoyev Janobi Oliylariga

    Hurmatli Shavkat Miromonovich!

    Oʻzbekiston Respublikasida oʻtgan Prezident saylovidagi gʻalabangiz munosabati bilan samimiy qutlovlarimni qabul qilgaysiz.

    Ovoz berish natijalari Sizning mamlakat ravniqini taʼminlash, uning xalqaro maydondagi nufuzini izchil oshirish va birodar oʻzbek xalqining farovonligini yuksaltirishga qaratilgan oqilona siyosatingiz umumxalq miqyosida qoʻllab-quvvatlanayotganidan dalolat beradi.

    Ishonchim komil, Turkmaniston va Oʻzbekiston oʻrtasidagi yaxshi qoʻshnichilik, doʻstlik va oʻzaro anglashuv tamoyillariga asoslangan doʻstona va iliq munosabatlar bundan buyon ham xalqlarimizning yorqin kelajagi yoʻlida jadal rivojlanishda davom etadi.

    Ushbu yoqimli fursatdan foydalanib, Sizga, muhtaram Shavkat Miromonovich, mustahkam sogʻlik, baxt-saodat, davlat rahbari lavozimidagi masʼuliyatli faoliyatingizga muvaffaqiyatlar, birodar Oʻzbekiston xalqiga esa tinchlik-osoyishtalik va ravnaq tilayman.

    Chuqur hurmat bilan

    Gurbanguli Berdimuhamedov,

    Turkmaniston Prezidenti

    Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti

    Shavkat Mirziyoyev Janobi Oliylariga

    Sizni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti lavozimiga katta ishonch bilan qayta saylanganingiz bilan dildan qutlayman.

    Umummilliy ovoz berish natijalariga koʻra erishilgan dadil gʻalabangiz Sizning Yangi Oʻzbekistonni – ijtimoiy-iqtisodiy hayotdagi ulkan yutuqlarga erishgan, sotsial-iqtisodiy jihatdan barqaror rivojlanayotgan, xalqaro maydonda yuksak obroʻ-eʼtiborga sazovor mamlakatni barpo etish gʻoyasini roʻyobga chiqarishga qaratilgan strategik saʼy-harakatlaringiz umumxalq miqyosda qoʻllab-quvvatlanayotganidan dalolat beradi.

    Qozogʻistonda Sizni birodar xalqlarimiz oʻrtasidagi hamkorlikni izchil rivojlantirish, doʻstlik va yaxshi qoʻshnichilikni mustahkamlashning qatʼiy tarafdori sifatida bilishadi va hurmat qilishadi.

    Ishonchim komil, birgalikdagi saʼy-harakatlar bilan ikki tomonlama strategik sherikligimizni mamlakatlarimiz va butun Markaziy Osiyo manfaatlari yoʻlida yanada yuksak darajaga olib chiqishga qodirmiz.

    Kun tartibidagi barcha dolzarb masalalarni muhokama qilish uchun Sizni yaqin vaqtda Qozogʻiston Respublikasiga davlat tashrifi bilan kelishga taklif etaman.

    Fursatdan foydalanib, hurmatli Shavkat Miromonovich, Sizga Vatan va xalq xizmatidagi fidokorona faoliyatingizga yangi muvaffaqiyatlar tilayman.

    Hurmat ila

    Qasim-Jomart Toqayev,

    Qozogʻiston Respublikasi Prezidenti

    Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti

    Shavkat Mirziyoyev Janobi Oliylariga

    Qadrli Shavkat Miromonovich!

    Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentidek yuksak lavozimga qayta saylanganingiz munosabati bilan Sizga samimiy tabriklarim va eng ezgu tilaklarimni yoʻllash menga katta mamnuniyat bagʻishlaydi.

    Sizga mustahkam sogʻlik, farovonlik, doʻst Oʻzbekistonning barqaror taraqqiyoti yoʻlidagi faoliyatingiz yanada sermahsul boʻlishini, birodar oʻzbek xalqiga esa tinchlik-osoyishtalik, barqarorlik va ravnaq tilayman.

    Prezident saylovidagi ishonchli gʻalabangiz Sizning mamlakatni izchil rivojlantirish va xalqaro maydondagi nufuzini mustahkamlashga qaratilgan siyosatingiz butun xalq tomonidan qoʻllab-quvvatlayotganining yana bir yorqin tasdigʻi boʻldi.

    Mamlakatga rahbarligingizning navbatdagi davrida birodar Oʻzbekiston bu yoʻlda yangi choʻqqilarni zabt etishiga ishonaman.

    Sizning Tojikiston va Oʻzbekiston oʻrtasidagi doʻstlik, yaxshi qoʻshnichilik va strategik sheriklik shaklidagi konstruktiv hamkorlikni har tomonlama rivojlantirish va mustahkamlash borasidagi izchil intilishingizni yuksak baholayman.

    Birgalikdagi saʼy-harakatlar bilan Tojikiston bilan Oʻzbekistonning samarali davlatlararo hamkorligini bundan buyon ham xalqlarimiz farovonligi va butun mintaqa manfaatlari yoʻlida ilgari suramiz.

    Fursatdan foydalanib, mamlakatlarimiz munosabatlarini yangi amaliy mazmun bilan boyitishga birgalikda harakat qilishga tayyor ekanimni bildiraman.

    Hurmat bilan

    Emomali Rahmon,

    Tojikiston Respublikasi Prezidenti

    Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti

    Shavkat Mirziyoyev Janobi Oliylariga

    Hurmatli Shavkat Miromonovich!

    Qirgʻiz Respublikasining xalqi nomidan va shaxsan oʻz nomimdan Sizni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti etib saylanganingiz bilan chin qalbimdan muborakbod etaman.

    Saylov natijalari Oʻzbekistonning koʻpmillatli xalqi Sizga yuksak ishonch bilan qarayotganini yana bir bor yaqqol koʻrsatdi.

    Sizning oqilona va uzoqni koʻra biladigan rahbarligingiz ostida Oʻzbekiston davlatchilikni rivojlantirishda ulkan muvaffaqiyatlarga erishishiga qatʼiy ishonaman.

    Mamlakatimizda Sizning Qirgʻiziston-Oʻzbekiston munosabatlarini rivojlantirish hamda Markaziy Osiyo xalqlarining ravnaqi yoʻlida mintaqaviy hamkorlikni mustahkamlashga qoʻshayotgan katta hissangizni yuksak qadrlashadi.

    Biz bundan buyon ham siyosiy muloqotni faollashtirishga, koʻp asrlik doʻstlik va yaxshi qoʻshnichilik anʼanalariga asoslangan ikki tomonlama munosabatlarni kengaytirish va mustahkamlash ustida birgalikda ishlashga tayyormiz.

    Ushbu yoqimli imkoniyatdan foydalanib, Sizga, muhtaram Shavkat Miromonovich, mustahkam sogʻlik, masʼuliyatli davlat lavozimidagi faoliyatingizga yangi muvaffaqiyatlar, birodar Oʻzbekiston xalqiga esa tinchlik-osoyishtalik, farovonlik va ravnaq tilayman.

    Hurmat bilan

    Sadir Japarov,

    Qirgʻiz Respublikasi Prezidenti

    Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti

    Shavkat Mirziyoyev Janobi Oliylariga

    Hurmatli Shavkat Miromonovich!

    Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti lavozimiga qayta saylanganingiz bilan Sizni dildan qutlayman.

    Saylovdagi ishonchli gʻalabangiz – Sizning mamlakat farovonligi yoʻlidagi siyosatingiz birodar oʻzbek xalqi tomonidan qoʻllab-quvvatlayotgani, haqiqiy yetakchi sifatida Sizga katta ishonch va hurmat bilan qarayotganining yorqin ifodasi.

    Ozarbayjon va Oʻzbekistonni xalqlarimizning mushtarak maʼnaviy qadriyatlariga asoslangan doʻstlik va birodarlik munosabatlari chambarchas bogʻlab turadi. Aloqalarimizning bugungi darajasi, ushbu mustahkam poydevorga qurilgan oʻzaro manfaatli hamkorligimiz kundan-kunga kengayib borayotgani katta mamnuniyat bagʻishlaydi.

    Boy milliy-maʼnaviy qadriyatlarimizdan kuch olayotgan Ozarbayjon-Oʻzbekiston doʻstligi va strategik sherikligi birodar xalqlarimiz irodasiga muvofiq bundan buyon ham yuqorilab, mustahkamlanib borishiga ishonaman.

    Hurmatli Shavkat Miromonovich, Sizga mustahkam sogʻlik, baxt-saodat, birodar Oʻzbekiston Respublikasining farovonligi va ravnaqi yoʻlida oliy davlat lavozimidagi faoliyatingizga yangi muvaffaqiyatlar tilayman.

    Hurmat bilan

    Ilhom Aliyev,

    Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti

    Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti

    Shavkat Mirziyoyev Janobi Oliylariga

    Hurmatli Shavkat Miromonovich!

    Oliy davlat lavozimiga qayta saylanganingiz munosabati bilan samimiy tabriklarimni qabul qilgaysiz.

    Ishonchli gʻalabangiz yuksak obroʻ-eʼtiboringiz, saylovchilarning sizga boʻlgan ishonchi baland ekanining yorqin va shubhasiz dalili boʻldi. Xalq kuchli, mustaqil, zamonaviy davlat barpo etish borasida tanlangan yoʻlga sodiq ekanini tasdiqladi.

    Sizning tajribali rahbarligingizda Oʻzbekiston Respublikasi jadal rivojlanishda, iqtisodiy salohiyati va xalqaro maydondagi oʻrnini mustahkamlashda davom etadi.

    Umid qilamanki, yaqin vaqtda ikkimiz shaxsan uchrashib, ikki tomonlama hamkorlikning joriy va istiqbolli yoʻnalishlarini muhokama qilib olamiz.

    Ushbu yoqimli fursatdan foydalanib, Sizga, muhtaram Shavkat Miromonovich, sihat-salomatlik, bitmas-tuganmas kuch-gʻayrat hamda Vatan farovonligini koʻzlab moʻljallangan rejalaringizga muvaffaqiyatlar tilayman.

    Hurmat bilan

    Aleksandr Lukashenko,

    Belarus Respublikasi Prezidenti

    Qutlovlar kelishi davom etmoqda.