Uchrashuv avvalida mamlakatimiz yetakchisi ushbu nufuzli koʻp tomonlama moliyaviy institut rahbarini lavozimga kirishgani bilan samimiy tabrikladi.
Oʻzbekistonning Osiyo infratuzilmaviy investitsiyalar banki bilan strategik sherikligini kengaytirishning amaliy masalalari atroflicha muhokama qilindi.
Soʻnggi yillarda bank bilan koʻp qirrali hamkorlik jadal rivojlanmoqda. Amaldagi va istiqbolli qoʻshma loyihalar portfeli 7 milliard dollardan oshdi. Oʻtgan yilning oʻzida moliyalashtirish hajmi 1 milliard dollardan ziyodni tashkil etdi.
Oʻzbekiston Prezidenti xususiy sektor, ayollar va yoshlar tadbirkorligini qoʻllab-quvvatlash, davlat-xususiy sheriklik loyihalarini ishlab chiqish va ilgari surish, kambagʻallikni qisqartirish dasturini amalga oshirishga koʻmaklashish, muqobil energetika, energiya samaradorligi, suv taʼminoti, ijtimoiy xizmatni rivojlantirish kabi ustuvor sohalarda samarali hamkorlikni kengaytirish zarurligini qayd etdi.
OIIBning mintaqaviy ahamiyatga ega yirik infratuzilmaviy loyihalarda faol ishtirok etishi muhimligi taʼkidlandi.
Oʻz navbatida, Szou Szyai mamlakatimizdagi oʻzgarishlar koʻlamini yuqori baholab, Yangi Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlar dasturini har tomonlama qoʻllab-quvvatlashda davom etishga tayyorligini bildirdi.