O‘zbekiston Prezidenti Osiyo infratuzilmaviy investitsiyalar banki bilan sheriklikning asosiy yo‘nalishlarini qayd etdi

    Hukumat 19 May 2023 5755

    O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Xitoyga davlat tashrifining ikkinchi kuni tadbirlari doirasida Sian shahrida Osiyo infratuzilmaviy investitsiyalar banki prezidenti Szin Litsyunni qabul qildi.

    O‘zbekiston bilan ushbu nufuzli xalqaro moliya instituti o‘rtasidagi strategik hamkorlikni yanada kengaytirishning amaliy jihatlari ko‘rib chiqildi.

    Keyingi yillarda bank bilan munosabatlar jadal sur’atda rivojlanayotgani – investitsiyaviy va ijtimoiy ahamiyatga ega loyihalar portfeli 2 milliard dollardan oshgani alohida mamnuniyat bilan qayd etildi.

    Uchrashuvda kambag‘allikka qarshi kurashish va aholi turmush darajasini oshirish, qayta tiklanuvchi energiya manbalarini joriy etish, transport infratuzilmasini modernizatsiya qilish, xususiy sektorni rivojlantirish borasidagi dasturlarni qo‘llab-quvvatlash va ilgari surish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

    Yangi Sheriklik dasturini tez fursatda qabul qilish va yirik qo‘shma tadbirlarga tayyorgarlik ko‘rish muhimligi ta’kidlandi.