Yuqori martabali mehmon davlatimiz rahbariga Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibi Antoniu Guterrishning samimiy salomini yetkazdi.
BMT institutlari, xususan, Maxsus vakil ofisi bilan bola huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha ko‘p qirrali sheriklikni rivojlantirish masalalari ko‘rib chiqildi.
Maxsus vakil O‘zbekiston yetakchisining bolalarni zo‘ravonlikning barcha shakllaridan himoya qilish, xotin-qizlar va bolalarni mojaroli hududlardan qaytarish, bolalar mehnatiga barham berish borasidagi samarali islohotlarini yuqori baholadi.
Bola huquqlariga oid xalqaro normativ-huquqiy hujjatlarni ishlab chiqish, bola huquqlarini himoya qilish bo‘yicha qonunchilik va milliy institutlar faoliyatini takomillashtirish masalalarida hamkorlikni rivojlantirish muhimligi qayd etildi.
Shuningdek, Toshkent shahrida bolalarga nisbatan zo‘ravonlikning oldini olish bo‘yicha mintaqaviy konferensiya va BMT bosh qarorgohida O‘zbekistonning amaliy tajribasi bilan tanishish bo‘yicha davra suhbatini o‘tkazish masalalari ko‘rib chiqildi.