O‘zbekiston Prezidenti Qirg‘iziston bilan parlamentlararo aloqalarni kengaytirish muhimligini ta’kidladi

    Hukumat 26 Sentabr 2023 4451

    26-sentabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashrif bilan mamlakatimizda bo‘lib turgan Qirg‘iz Respublikasi Jogorku Keneshi Torag‘asi Nurlanbek Shakiyevni qabul qildi.

    O‘zbekiston bilan Qirg‘iziston o‘rtasidagi do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik va keng ko‘lamli strategik sheriklik munosabatlarini yanada mustahkamlashning dolzarb masalalari ko‘rib chiqildi.

    Uchrashuv avvalida Qirg‘iziston parlamenti raisi davlatimiz rahbariga Qirg‘iz Respublikasi Prezidenti Sadir Japarovning salomi va eng ezgu tilaklarini yetkazdi.

    Suhbatda ikki tomonlama hamkorlik bugun yuksak darajaga chiqqani va sermahsul bo‘layotgani alohida mamnuniyat bilan qayd etildi. Xususan, turli darajalarda faol muloqot va almashinuvlar olib borilmoqda, tovar ayirboshlash va yuk tashish hajmi ortmoqda, kooperatsiya loyihalari, shu jumladan qo‘shma jamg‘arma investitsiyalarini jalb qilgan holda amalga oshirilmoqda.

    Ko‘p qirrali munosabatlarni kengaytirish, oliy darajada erishilgan kelishuvlarni ro‘yobga chiqarish va istiqbolli loyihalarni ilgari surish, hududlar va ishbilarmonlar darajasida amaliy hamkorlikni yo‘lga qo‘yish hamda mamlakatlarimizda madaniy-gumanitar tadbirlarni o‘tkazishda yaqin parlamentlararo aloqalarni rivojlantirish alohida ahamiyatga ega ekani qayd etildi.

    Ixtisoslashtirilgan xalqaro tashkilotlar doirasidagi hamkorlik va o‘zaro muvofiqlashuvni kuchaytirish muhim ekani ta’kidlandi.