баннер
Sayt test rejimida ishlamoqda
Лого Лого-пв-уз

    O‘zbekiston Prezidenti Qirg‘iziston Bosh vazirini qabul qildi

    Hukumat 26 Mart 2021 2259

    O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 26-mart kuni Ikki tomonlama hamkorlik bo‘yicha qo‘shma komissiyaning navbatdagi yig‘ilishi ishida ishtirok etish uchun Toshkentda bo‘lib turgan Qirg‘iz Respublikasi Bosh vaziri Ulukbek Maripovni qabul qildi.

    Uchrashuvda O‘zbekiston va Qirg‘iziston o‘rtasidagi ko‘p qirrali hamkorlikni yanada rivojlantirish masalalari ko‘rib chiqildi.

    Davlatimiz rahbari O‘zbekiston-Qirg‘iziston do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik va strategik sheriklik munosabatlarini mustahkamlash maqsadida yaqinda bo‘lib o‘tgan oliy darajadagi sammitda qabul qilingan kelishuvlarni o‘z vaqtida va to‘liq amalga oshirish muhim ekanini alohida ta’kidladi.

    Bosh vazir Ulukbek Maripov, o‘z navbatida, O‘zbekiston Prezidentiga samimiy qabul uchun chuqur minnatdorchilik bildirib, Qirg‘iziston Prezidenti Sadir Japarovning salomi va eng ezgu tilaklarini yetkazdi.

    Qo‘shma komissiyaning hamraisi sifatida bo‘lib o‘tgan yig‘ilishning asosiy natijalari hamda qabul qilingan aniq qarorlar to‘g‘risida ma’lumot berdi.

    Suhbat chog‘ida O‘zbekiston Prezidenti tovar ayirboshlash hajmini oshirish uchun qulay sharoitlarni shakllantirish, sanoat, energetika, qishloq va suv xo‘jaligida muhim kooperatsiya loyihalarini ilgari surish, Taraqqiyot fondi faoliyatini tez fursatda yo‘lga qo‘yish hamda hududlararo va madaniy-gumanitar almashinuvlarni kengaytirish masalalariga alohida e’tibor qaratdi.

    “Xitoy-Qirg‘iziston-O‘zbekiston” temir yo‘lini qurishni tez fursatda boshlash hamda Andijon-O‘sh-Saritosh-Irkeshtom multimodal yo‘lagi bo‘ylab yuk tashishlar hajmini oshirishning dolzarb ahamiyati qayd etildi.

    Uchrashuv yakunida Qirg‘iz Respublikasi Bosh vaziri ikki mamlakat davlat rahbarlari o‘rtasida erishilgan hamda keng ko‘lamli O‘zbekiston-Qirg‘iziston hamkorligini izchil rivojlantirishga qaratilgan kelishuvlarni so‘zsiz amalga oshirishga bor sa’y-harakatini yo‘naltirishga tayyor ekanini ta’kidladi.