Oʻzbekiston Prezidenti Qirgʻizistonga keldi

    Hukumat 20 Iyul 2022 4770

    Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Qirgʻiz Respublikasi Prezidenti Sadir Japarovning taklifiga binoan 20-iyul kuni Choʻlponota shahriga keldi.

    Aeroportda davlatimiz rahbarini Qirgʻiz Respublikasi Vazirlar Mahkamasi Raisi - Prezident Administratsiyasi Rahbari Akilbek Japarov va boshqa rasmiy shaxslar kutib oldi.

    Avval xabar qilinganidek, ertaga, 21-iyul kuni Choʻlponotada Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining Maslahat uchrashuvi boʻlib oʻtadi. Sammitda savdo, transport va logistika, sanoat kooperatsiyasi, innovatsiyalar, oziq-ovqat xavfsizligi, turizm, madaniy-gumanitar sohalardagi amaliy hamkorlikni yanada kengaytirish masalalari muhokama qilinadi. Shuningdek, mintaqada barqarorlik va izchil taraqqiyotni taʼminlash masalalari yuzasidan fikr almashiladi.

    Qator hujjatlar imzolanishi koʻzda tutilgan.

    Taʼkidlash lozimki, Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining Maslahat uchrashuvlarini oʻtkazish tashabbusi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan 2017-yilda Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh assambleyasining 72-sessiyasida ilgari surilgan edi.

    Mintaqa yetakchilarining birinchi sammiti 2018-yil mart oyida Nur-Sulton shahrida, ikkinchisi 2019-yil noyabrda Toshkent shahrida, uchinchisi oʻtgan yilning avgust oyida Turkmanistondagi “Avaza” milliy sayyohlik zonasida boʻlib oʻtgan.