O‘zbekiston Prezidenti Qozondagi Kreml obidalari bilan tanishdi

    Hukumat 5 Oktabr 2023 4062

    Tatariston Respublikasiga tashrif davomida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev “Qozon Kremli” tarixiy-me’moriy va badiiy muzey-qo‘riqxonasida bo‘ldi.

    Davlatimiz rahbariga Tatariston Raisi Rustam Minnixanov hamrohlik qildi.

    Qozondagi Kreml YUNЕSKOning Butunjahon merosi ro‘yxatiga kiritilgan. Qozonning eng qadimgi qismi bo‘lib, shaharning ko‘p asrlik tarixini o‘zida mujassam etgan me’moriy, tarixiy va arxeologik yodgorliklardan iborat.

    Bu yerda O‘zbekiston Prezidenti Qul Sharif masjidini kirib ko‘rdi. Tatariston musulmonlari diniy boshqarmasi raisi, muftiy Kamil Samigullin oliy martabali mehmonga masjid tarixi haqida batafsil so‘zlab berdi. Duo o‘qildi.

    Masjid 1996-2005-yillarda Qozon xonligi hududida XVI asrning ikkinchi yarmiga qadar mavjud bo‘lgan juma masjidi o‘rnida bunyod etilgan va Imom Qul Sharif nomi bilan atalgan.

    Davlatimiz rahbari Qozon va Tatariston mitropoliti Kirill hamrohligida Blagoveshensk soborini ham ko‘zdan kechirdi. Qozon Kremli hududidagi obidalarning eng qadimgisi bo‘lgan ushbu inshoot XVI asrda bunyod etilgan. Pskov me’morchilik an’analarining yorqin namunasidir.