Oʻzbekiston Prezidenti rasmiy tashrif bilan Misrda boʻladi

    Hukumat 19 Fevral 2023 3847

    Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Misr Arab Respublikasi Prezidenti Abdulfattoh As-Sisining taklifiga binoan 20-21-fevral kunlari rasmiy tashrif bilan ushbu mamlakatda boʻladi.

    Oliy darajadagi muzokaralar kun tartibidan Oʻzbekiston-Misr munosabatlarini yanada mustahkamlash masalalarining keng doirasi oʻrin olgan.

    Siyosiy, savdo-iqtisodiy, madaniy-gumanitar va taʼlim sohalarida hamkorlikni rivojlantirish istiqbollariga alohida eʼtibor qaratiladi. Xalqaro va mintaqaviy ahamiyatga molik masalalar yuzasidan fikr almashiladi.

    Sammit yakunida Qoʻshma bayonot qabul qilinishi va qator ikki tomonlama hujjatlar imzolanishi koʻzda tutilgan.

    Tashrif doirasida Oʻzbekiston rahbari Misrning yetakchi kompaniyalari rahbarlari va ishbilarmon doiralari vakillari bilan uchrashuv oʻtkazadi.