O‘zbekiston Prezidenti Sankt-Peterburg bilan hamkorlik salohiyatini samarali ishga solish muhimligini ta’kidladi

    Hukumat 8 Noyabr 2022 4091

    O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 8-noyabr kuni Sankt-Peterburg shahri gubernatori Aleksandr Beglov boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi.

    Ikki mamlakat hududlari darajasidagi amaliy hamkorlikni yanada kengaytirish masalalari ko‘rib chiqildi.

    O‘zaro tovar ayirboshlashni ko‘paytirish uchun zamonaviy savdo-tijorat va logistika infratuzilmasini yaratish, yetakchi korxonalarning sanoat kooperatsiyasi bo‘yicha loyihalarini qo‘llab-quvvatlash va ilgari surish, uy-joy kommunal xo‘jalik va shaharsozlik sohalarida sheriklikni chuqurlashtirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

    Faol madaniy-gumanitar almashinuvlarning davom ettirilishi qo‘llab-quvvatlandi.

    O‘zbekiston hududlarining Sankt-Peterburg shahri bilan o‘zaro manfaatli hamkorligi bo‘yicha “yo‘l xaritasi”ni tayyorlash va qabul qilishga kelishib olindi.