O‘zbekiston Prezidenti Saudiya Arabistoni bilan keng ko‘lamli sheriklikni yanada rivojlantirish muhimligini ta’kidladi

    O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 15-aprel kuni Markaziy Osiyo mamlakatlari va Ko‘rfaz arab davlatlari tashqi ishlar vazirlari yig‘ilishi doirasida mamlakatimizda bo‘lib turgan Saudiya Arabistoni tashqi ishlar vaziri shahzoda Faysal bin Farxon Ol Saudni qabul qildi.

    Saudiya Arabistoni tashqi siyosiy idorasi rahbari O‘zbekiston yetakchisiga Podshoh Salmon bin Abdulaziz Ol Saud va Valiahd, Bosh vazir Muhammad bin Salmon Ol Saudning samimiy salomi va ezgu tilaklarini yetkazdi.

    O‘zbekiston bilan Saudiya Arabistoni o‘rtasidagi ko‘p qirrali munosabatlarni va keng ko‘lamli sheriklikni oliy darajada erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish nuqtayi nazaridan yanada kengaytirish masalalari ko‘rib chiqildi.

    Bugungi kunda turli darajalarda faol muloqotlar va delegatsiyalarning o‘zaro tashriflari davom etmoqda. O‘zaro savdo hajmi, qo‘shma korxonalar va aviaqatnovlar soni oshib bormoqda.

    “Yashil” energetika, qishloq xo‘jaligi, sog‘liqni saqlash, transport infratuzilmasini modernizatsiya qilish, IT va boshqa ustuvor sohalarda kooperatsiya loyihalari boshlangan.

    Bo‘lajak tadbirlar, shu jumladan 2025-yilda o‘tkaziladigan “Markaziy Osiyo – Ko‘rfaz arab davlatlari hamkorlik kengashi” muloqotining ikkinchi sammitiga puxta tayyorgarlik ko‘rish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

    Bundan tashqari, mintaqaviy kun tartibidagi boshqa masalalar, xususan, Afg‘onistondagi vaziyat va Falastin muammosini tinch yo‘l bilan hal etish yuzasidan fikr almashildi.