Uchrashuv avvalida vazir O‘zbekiston yetakchisiga Podshoh Salmon bin Abdulaziz Ol Saud va Valiahd, Bosh vazir Muhammad bin Salmon Ol Saudning salomi va eng ezgu tilaklarini yetkazdi.
Amaliy hamkorlikni yanada kengaytirish, O‘zbekistonda ustuvor investitsiya loyihalarini amalga oshirish masalalari ko‘rib chiqildi.
Savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy sheriklikda yuksak darajaga erishilgani mamnuniyat bilan qayd etildi. Bugungi kunda qo‘shma loyihalar portfeli 30 milliard dollardan oshdi.
Mamlakatimizda energetika tarmog‘ini rivojlantirishga eng ko‘p investitsiya kiritgan “ACWA Power” kompaniyasi bilan samarali hamkorlik qilinayotgani ta’kidlandi.
Bu galgi forum doirasida “yashil” energetika, infratuzilma, sog‘liqni saqlash va farmatsevtika sohalarida 18 milliard dollarlik loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha bitimlar imzolanadi.
Shuningdek, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari, qishloq xo‘jaligi va boshqa yo‘nalishlarda yangi loyihalarni ilgari surish zarurligi qayd etildi.