Oʻzbekiston Prezidenti saylovi AQSHda qanday oʻtadi?

    Saylov 24 Sentabr 2021 1454

    Oʻzbekistonning Vashington shahridagi elchixonasi va Nyu-York shahridagi diplomatik vakolatxonalarining xabar berishicha, oktyabr oyida rejalashtirilayotgan Oʻzbekiston Prezidenti saylovida AQSH va Kanada rasmiy idoralari va ommaviy axborot vositalarining xodimlari, ekspertlar, olimlar, jamoat arboblari va ishbilarmon doira vakillaridan iborat 30 nafarga yaqin xalqaro kuzatuvchi ishtirok etishi kutilmoqda.

    Shu bilan qatorda, Oʻzbekistonning AQSHdagi diplomatik vakolatxonalari tomonidan Amerika Qoʻshma Shtatlarida oktyabr oyidagi yirik siyosiy tadbirni yuqori darajada tashkil etish va uni oʻtkazish boʻyicha faol tayyorgarlik ishlari olib borilmoqda, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

    Markaziy saylov komissiyasining qaroriga muvofiq, 14-Toshkent shahar saylov okrugiga biriktirilgan Oʻzbekistonning AQSHdagi elchixonasi va Nyu-Yorkdagi Bosh konsulxonasi huzurida saylov uchastkalari tashkil etildi.

    Saylov uchastkalarining chegaralari belgilab olinib, Vashington shahridagi saylov uchastkasiga AQSHning 18 ta shtati, Kanada, Kuba va Braziliya, Nyu-Yorkdagi saylov uchastkasiga esa AQSHning qolgan shtatlari, Shimoliy va Janubiy Amerikaning boshqa mamlakatlari kiritilgan.

    Baʼzi bir sabablarga 24-oktyabr kuni Vashington va Nyu-York shaharlaridagi saylov uchastkalariga kelish imkoniyati boʻlmagan fuqarolarning konstitutsiyaviy huquqini taʼminlash maqsadidaular jips yashaydigan 8 ta shaharda muddatidan oldin saylov oʻtkazish rejalashtirilgan. Xususan, 15-oktyabr kuni San-Fransisko shahri (Kaliforniya shtati), 16-oktyabr kuni Bruklin (Nyu-York) va Orlando (Florida), 17-oktyabr kuni Chikago (Illinoys), Paykesville (Merilend), Sterling (Virjiniya) va Filadelfiya (Pensilvaniya), 18-oktyabr kuni Pittsburg (Pensilvaniya) shaharlarida koʻchma saylov uchastkalari tashkil etiladi.

    Fuqarolar oʻrtasida saylov jarayoniga oid maʼlumotlarni keng tarqatish, muddatidan oldin oʻtkaziladigan saylov uchastkalarining joylari va sanalari haqida vatandoshlarning xabardorligini oshirish maqsadida “Rost24 haqiqiy jurnalistika” sayti, “Amerika ovozi”, Filadelfiyadagi “Sarbon” va Nyu-Yorkdagi “95.5 HD2” radiokanallari, “Buxarian tayms”, “Makonim” gazetalari, taniqli blogerlar hamda AQSHdagi oʻndan ziyod vatandosh uyushmalari bilan hamkorlikda saylovoldi tashviqot-targʻibot ishlari olib borilmoqda. Shuningdek, mazkur siyyosiy tadbirni yuqori saviyada oʻtkazishni tashkillashtirish uchun “Facebook”, “Twitter”, “Instagram” kabi ommaviy ijtimoiy tarmoqlar hamda koʻp sondagi fuqarolarni qamrab olgan “Telegram” va “WhatsApp” kanallarining imkoniyatlaridan keng foydalanilmoqda.

    AQSHning uzoq hududlaridan ham muddatidan oldin ovoz berish joylarining tashkil etilayotgani, saylov haqida fuqarolar oʻrtasida samarali tashviqot-targʻibot ishlarining olib borilayotganligi va elektron shakldagi saylovchilar roʻyxatiga olishning qulay imkoniyatlari yaratilganligi natijasi oʻlaroq, saylovda ishtirok etish istagini bildirgan fuqarolarning soni kun sayin ortib bormoqda.

    Ushbu fursatdan foydalanib, AQSHdagi diplomatik vakolatxonalarimiz Amerika diyorida istiqomat qilayotgan barcha fuqarolarimizni https://uzbekistan.org/page/view?id=53 havolasida keltirilgan saylov uchastkalaridan birida ovoz berishga chaqiradi.

    Saylovchilar roʻyxatiga kirish uchun fuqarolarga saylov.mfa.uz vebsaytidan foydalanish tavsiya qilinadi.