O‘zbekiston Prezidenti Serdar Berdimuhamedovni tabrikladi

    Hukumat 22 Sentabr 2023 4640

    22-sentabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Turkmaniston Prezidenti Serdar Berdimuhamedovning telefon orqali muloqoti bo‘lib o‘tdi.

    Davlatimiz rahbari Turkmaniston Prezidentini tavallud kuni bilan samimiy qutlab, unga katta muvaffaqiyatlar, qardosh turkman xalqiga farovonlik va ravnaq tiladi.

    Ikki tomonlama munosabatlar va mintaqaviy hamkorlikning dolzarb masalalari ko‘rib chiqildi.

    Konstruktiv siyosiy muloqot va samarali idoralararo aloqalar rivojlanib borayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi. O‘zaro savdo hajmi oshib bormoqda, “Xorazm-Toshovuz” chegaraoldi savdo zonasini tashkil etish loyihasi birgalikda amalga oshirilmoqda. Energetika va transport sohalaridagi kooperatsiya mustahkamlanmoqda. Oktyabr oyida poytaxtimizda Turkmaniston madaniyati kunlari o‘tkaziladi.

    O‘zbekiston va Turkmaniston Prezidentlari Markaziy Osiyoda o‘zaro manfaatli hamkorlikni, shu jumladan amaldagi ko‘p tomonlama formatlar doirasida kengaytirish masalalari yuzasidan fikr almashdilar.

    Telefon muloqoti yakunida davlatimiz rahbari Turkmaniston Prezidenti va xalqini bo‘lajak Mustaqillik kuni bilan dildan tabrikladi.