AQSh Prezidenti Donald Tramp raisligida oʻtkazilgan tadbirda Ozarbayjon, Qozog‘iston, Bahrayn, Indoneziya, Argentina, Paragvay, Ruminiya, Misr, Qatar, Pokiston, Vengriya, Albaniya, Armaniston, Vyetnam, Kambodja, BAA, Turkiya, Kuvayt, Saudiya Arabistoni, Isroil, Marokash va boshqa davlatlar delegatsiyalari rahbarlari ham qatnashdi.
Gʻazo sektorini qayta tiklash va gumanitar yordam koʻrsatish, shuningdek, mintaqada tinchlik hamda barqarorlikni taʼminlash masalalari muhokama qilindi.
Davlatimiz rahbari oʻz nutqida dastlabki sammitni chaqirgani uchun Amerika Qoʻshma Shtatlari Prezidenti, Tinchlik kengashi raisi Donald Trampga minnatdorlik bildirdi.
Oʻzbekiston Tinchlik kengashini tuzish boʻyicha tinchliksevar tashabbusni qoʻllab-quvvatlagani va uni muvaffaqiyatli roʻyobga chiqarishda amaliy ishtirok etishini qatʼiy tasdiqlagani taʼkidlandi.
– Ishonchim komil, kengash ishi Gʻazo mintaqasini iqtisodiy va ijtimoiy qayta tiklash uchun qulay sharoit yaratishga imkon beradi, – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Gʻazoning har qanday tashqi boshqaruv mexanizmi sektor aholisining soʻzsiz ichki qoʻllab-quvvatlashiga tayanishi lozimligi taʼkidlandi.
Barcha tomonlarning muvofiqlashtirilgan saʼy-harakatlari Gʻazoni tez fursatda qayta tiklash uchun zarur shart-sharoitlarni yaratishga, mojarodan keyingi jarayonlarni barqarorlashtirishga xizmat qilishiga ishonch bildirildi.
Davlatimiz rahbari Oʻzbekiston ushbu hududda turar joylar, bolalar bogʻchalari, maktab va kasalxonalar barpo etishga imkon qadar hissa qoʻshishga tayyorligini qayd etdi.
– Bizning uchrashuvimiz xalqaro birdamlik, tinchliksevarlik va Yaqin Sharqdagi vaziyatni yaxshilashga boʻlgan umumiy intilishimizning yorqin ifodasidir. Biz Yangi Gʻazoni – iqtisodiyoti farovon, aholi uchun munosib turmush sharoitlariga ega boʻlgan mintaqani barpo etish uchun ushbu tarixiy imkoniyatdan foydalanishimiz zarur, – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Tadbirda boshqa xorijiy mamlakatlarning davlat, hukumat va tashqi siyosiy idoralari rahbarlari ham so‘zga chiqdilar.
Yig‘ilish yakunida Tinchlik kengashi faoliyatini qo‘llab-quvvatlash to‘g‘risidagi deklaratsiya imzolandi.